Adliya vazirligi kengashi qanday apellyasiyalarni ko‘rib chiqadi

Adliya vazirligi kengashi qanday apellyasiyalarni ko‘rib chiqadi

Vazirlar Mahkamasining 9.10.2019 yildagi 856-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyasiya kengashi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilgan va intellektual mulk ob’yektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan apellyasiyalarni ko‘rib chiquvchi Adliya vazirligi Apellyasiya kengashini tashkil etish nazarda tutilgan edi.

Apellyasiya kengashi quyidagilarni ko‘rib chiqadi:

birinchidan, Agentlik talabnomasida ko‘rsatilgan quyidagilarga:

  • sanoat mulki ob’yektlari;
  • seleksiya yutuqlari;
  • integral mikrosxemalar topologiyalari;
  • tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlariga nisbatan qabul qilingan qarorlar yuzasidan apellyasiyalarni;

ikkinchidan, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning:

  • sanoat mulki ob’yektlariga patent berilishi;
  • seleksiya yutuqlariga patent berilishi;
  • integral mikrosxemalar topologiyalarining ro‘yxatdan o‘tkazilishi;
  • sanoat mulki ob’yektlariga va seleksiya yutuqlariga berilgan patentlarning haqiqiyligi;
  • tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovarning kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomaning haqiqiyligi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida belgining xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilishining amal qilishi yuzasidan apellyasiyalarini;

uchinchidan, quyidagilarning:

  • integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarning;
  • tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlaridan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishi tugatilishi yuzasidan apellyasiyalarini;

to‘rtinchidan, tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilishi bekor qilinishi yuzasidan apellyasiyalarni.

Shuningdek, Apellyasiya kengashi O‘zbekistonda hammaga ma’lum tovar belgilari deb e’tirof etish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqadi.

Apellyasiya kengashi tarkibi rais, uning o‘rinbosari, kengash a’zolari va kotibdan iborat tarkibda tasdiqlanadi. Kengash tarkibiga vazirlik va Agentlikning malakali va tajribali xodimlari, shuningdek, intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiritiladi. Bunda Adliya vazirligi va Agentlikning Kengash tarkibidagi xodimlari soni umumiy a’zolari sonining 30%idan oshmasligi lozim. Kotib Kengashda ishlarni yuritadi, biroq qarorlar qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas. Agentlik Kengashning ishchi organi hisoblanadi, u apellyasiya va arizalarni qabul qiladi, majlislarni tashkiliy ta’minlaydi, Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha zarur materiallarni tayyorlaydi, manfaatdor shaxslarga uning qarorlarini yuboradi, shuningdek hujjatlar but saqlanishini ta’minlaydi.

Kengash majlisi zaruriyatga ko‘ra rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan chaqiriladi va a’zolarining umumiy sonining 2/3 a’zosi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.

Majlisda apellyasiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar qatnashishga haqlidirlar. Ular majlis bo‘lishidan kamida 10 kun oldin majlis o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishi kerak. Intellektual mulk ob’yektiga huquqiy muhofaza berish to‘g‘risidagi talabnomani ko‘rib chiqishda va uning bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishda ishtirok etgan Kengash a’zolari majlisda qatnashishi mumkin emas.

Kengashning tashabbusiga ko‘ra yoki manfaatdor shaxslar iltimosnomasi bilan majlisning audio- yoki videoyozuvi olib borilishi mumkin, ishtirokchilar bu haqda ogohlantiriladi. Qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlar zarur bo‘lgan taqdirda ular Kengash belgilagan muddatlarda manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilishi kerak. Zarur hollarda Kengash majlisi to‘xtatib turilishi va boshqa kunga ko‘chirilishi yoki qisman yoxud butunlay to‘xtatilishi mumkin.

Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Kengash quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • apellyasiyani yoki arizani qanoatlantirish;
  • apellyasiyani yoki arizani qisman qanoatlantirish;
  • apellyasiyani yoki arizani qanoatlantirishni rad etish.

Kengashning qarori apellyasiya yoki ariza mohiyatini ko‘rib chiqish tugagandan so‘ng kengash a’zolarining yopiq yig‘ilishi natijasi bo‘yicha ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Kengash a’zolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emaslar. Kengash raisi eng oxirida ovoz beradi. Kengashning qarori Adliya vazirligining muhri bilan tasdiqlanadi.

Kengash qarori yuzasidan qaror qabul qilingan sanadan boshlab 6 oy mobaynida sudga shikoyat qilinishi mumkin. Qaror 10 ish kuni mobaynida apellyasiya yoki ariza bergan shaxslarga, boshqa manfaatdor shaxslarga Agentlik tomonidan yuboriladi, uning rasmiy nashrida va veb-saytida e’lon qilinadi.

Apellyasiya kengashida ishlar ko‘rib chiqilganligi uchun patent bojlari undiriladi, ular Agentlikning hisob raqamlariga to‘lanadi. Apellyasiya kengashi a’zolari - jalb qilingan mustaqil olimlar va mutaxassislar xizmatlariga ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar