JST va YeOII: iqtisodiy integratsiya -  taraqqiyotning muhim garovi

JST va YeOII: iqtisodiy integratsiya -  taraqqiyotning muhim garovi

2019 yilning kuz oylaridan boshlab mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalasi aholi o‘rtasida qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘la boshladi. Internet saytlarida va matbuot sahifalarida kimlardir mazkur ittifoq va tashkilotga kirishimizni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi bo‘lyapti.

Men O‘zbekistonning har ikkala tashkilotga kirishi manfaatlarimizga mos keladi, degan fikrdaman. Negaki, jahon iqtisodiyoti tobora globallashib borayotgan bir davrda biror bir davlatning hech qanaqa ittifoq va xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lmasdan bir o‘zi alohida holda katta iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishishi o‘ta qiyin. Bu fikrim yanada tushunarli bo‘lishi uchun men bu maqolada Markaziy Osiyo davlatlarining bir-birlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishlarining ular iqtisodiyotlariga qay darajada ta’sir qilishi haqida so‘z yuritmoqchiman.

Mintaqada jahon bo‘yicha aniqlangan neft, gaz, oltin, uran kabi qazilma boyliklarning sezilarli qismi joylashgan. Qolaversa, Markaziy Osiyo – hajmi jihatidan nufuzli bozor va bu bozorning teng huquqli a’zosi bo‘lish beshta davlatning har biriga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.

Bundan tashqari, masalaning yana bir jihatiga alohida e’tibor berish lozim. Gap shundaki, mazkur davlatlar asrlar davomida yagona davlat tarkibida bo‘lishgan. To‘g‘ri, beshta davlat maydonida bir paytning o‘zida bittadan ko‘p davlat hukm surgan davrlar ham bo‘lgan.

Lekin mazkur besh davlat tabiiy-iqlim, yer-suv, aholining ko‘chmanchi yoki o‘troq holda yashashi kabi qator omillar ta’sirida ob’yektiv ravishda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlariga ixtisoslashgan edi. Masalan, qishloq xo‘jaligini olib qaraylik. O‘zbekiston va Tojikistonda dehqonchilik ustun darajada rivojlangan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda esa qishloq xo‘jaligining asosini chorvachilik tashkil etgan. Shu sabablarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari bitta davlat tarkibida bo‘lganmi yoki 3-4 ta davlat bo‘lib yashaganmi, bundan qat’iy nazar, ularning iqtisodiyotlari yuqorida bayon etilgan omillar ta’siri ostida bir-birini to‘ldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyosatni butkul o‘zgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish yo‘lini boshladi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi, tobora kamayib borayotgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlari oxirgi yillarda yana osha boshladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida Qozog‘iston Respublikasi kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona, Qirg‘iziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatda, Qozog‘istonda 150 ga yaqin Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi, Qirg‘izistonda esa 200 dan ortiq Qirg‘iziston-O‘zbekiston qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2016-2019 yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biri bilan o‘zaro hamkorligining kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat, yer, suv, moliya resurslaridan samarali foydalanish, hududga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini sezilarli ravishda oshishiga imkon yaratdi.

Agar Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishsa, Ittifoq doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz olib o‘tilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday to‘siqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Masalan, O‘zbekistonda meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmlari juda katta bo‘lib, uning bir qismini boshqa davlatlarga eksport qilish o‘ta muhim masala hisoblanadi. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori zarur bo‘ladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan integratsiyalashuv hamma davlatlar uchun bu borada juda muhim imkoniyatlar yaratadi. Qolaversa, bunday integratsiya meva va sabzavotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradiki, bu katta miqdorda qo‘shimcha foyda ko‘rishimizga sabab bo‘ladi. Meva va sabzavotni import qilayotgan davlatga ham bu juda foydali hisoblanadi.

Chorvachilik sohasida esa buning aksini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni O‘zbekiston hozircha chorva mahsulotlari bilan o‘zini to‘la ta’minlash imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun go‘sht mahsulotlarini hatto uzoq xorij davlatlaridan import qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu masalani ham qo‘shni davlatlar hisobiga hal etishimiz mumkin bo‘ladi. Bunday mahsulotlarni eksport qiladigan davlat ham katta miqdorda qo‘shimcha foyda ko‘radi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Bu borada ular bilan mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlari mehnat resurslariga boy ekanligi bilan ham ajralib turadi. Ularni munosib ish bilan ta’minlash o‘ta muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois, agar Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida mehnat resurslaridan birgalikda foydalanishni tashkil etilsa, bu barcha davlatlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib bergan bo‘lar edi.

Mehnat resurslaridan birgalikda foydalanish davlatlar uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:

- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;

- migrantlarning bir davlatdan ikkinchi bir davlatga qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni ta’minlaydi;

- mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqish qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozori muvozanatligini ta’minlaydi;

- patent to‘lovlari bekor qilinadi va bu migrantlarga qo‘shimcha foyda olib keladi;

- mamlakatlarga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar o‘z yurtiga tayyor mutaxassis sifatida va innovatsiyalar bilan keladi va h.k.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlarining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishining va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida iqtisodiy integratsiya qilinishining ijobiy tomonlari juda katta. Ya’ni, jahon iqtisodiyoti tobora globallashib borayotgan bir davrda turli iqtisodiy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish har bir davlat uchun katta iqtisodiy manfaatlar olib keladi. Mazkur integratsiyalashuv jarayonlari mintaqada yashayotgan barcha xalqlarning manfaatlariga mos keladi va mamlakatlarning iqtisodiyoti yanada o‘sishiga sezilarli ravishda yordam beradi.

Odil Olimjonov
iqtisod fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar