2019 yilda O‘zRTXB ning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 43,1 trln so‘mni tashkil etdi

2019 yilda O‘zRTXB ning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 43,1 trln so‘mni tashkil etdi

2020 yil 15 yanvarda “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida ommaviy axborot vositalari uchun “O‘zRTXBda birja savdolari va elektron tijoratning rivojlanish natijalari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad keng jamoatchilikni birja faoliyatining 2019 yil yakunlari va 2020 yil uchun istiqbolli loyihalar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanni O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi Boshqaruv raisining o‘rinbosari Islom Ibrogimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida Islom Ibrogimov birja savdolari va elektron tijorat sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar va tadbirning markaziy mavzulariga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, 2019 yilda O‘zbekiston tovar bozorlarida bozor mexanizmlarni keng joriy etish, shaffoflikni ta’minlash va sof raqobatni rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim hukumat qarorlari qabul qilindi va keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Shu jumladan O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi faoliyatida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Umuman olganda, 2019 yilda O‘zRTXB ning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2018 yilga nisbatan 35,6 foizga o‘sib, 43,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda tuzilgan bitimlarning hajmini 87 foizdan ko‘pi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilda birinchi navbatda birja savdolarida sotilayotgan tovarlarning soni va hajmini ko‘payishi evaziga tadbirkorlar tomonidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlotlaridan erkin foydalanishi imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalarning hajmi 2018 yilga nisbatan 31 foizga o‘sib, deyarli 21,0 trln so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan tadbirkorlar birja orqali 13,4 trln so‘mlik tovar resurslarini xarid qilishgan va 7,5 trln so‘mga teng o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni sotishgan.

Ma’lumki, 2019 yilda Ai-91 rusumli avtomobil benzini va unning I-navi bozor qoidalari asosida, talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin o‘rnatila boshladi. Birja savdolari natijasida shakllangan narxlar o‘z navbatida shaffoflik tamoyiliga rioya qilingan holda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari orqali keng e’lon qilinib borildi.

Mazkur tovarlar uchun haqiqiy bozor narxlarini shakllanishi esa sotuvchi korxonalar uchun auksion natijasida olingan qo‘shimcha daromad hisobiga o‘zlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini berdi.

Shu bilan birga o‘tgan davrda o‘tkazilgan birja savdolari ushbu tovar bozorlarida mutanosib holatning shakllanishiga olib kelib, shaffof tizimining barcha afzaliklarini ko‘rsatib berdi. Xususan yangi tartib o‘rnatilgan paytdan boshlab 2019 yil oxirgacha bo‘lgan davrda Ai-91 rusumli avtomobil benzini bo‘yicha birjadagi narxi 4,6 foizga va I-navli unning narxi 12 foizga kamaydi. Narxlarning pasayishiga savdoga qo‘yilayotgan tovar hajmlarini o‘sishi va ulardan erkin foydalanish imkoniyatini taqdim etilganligi ko‘mak berdi.

Ijobiy o‘zgarishlar birjaning eksport yo‘nalishida ham qayd etilgan. Xususan, o‘tgan yilda birja orqali eksportga sotilgan tovarlarning umumiy qiymati 130,8 mln AQSh dollarni tashqil etdi va ushbu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 5,7 foizga ko‘pdir. 2020 yilning 1 yanvaridan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi faqat birja savdolari orqali eksport qilinishi mazkur ko‘rsatkichlarni yanada ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Elektron tijorat sohasida bir nechta yangi loyihalar amalga oshirildi. Ular qatoriga mobil raqamlarni onlayn sotuvi bo‘yicha mobilraqam.uzex.uz vebsayti va logistika bo‘yicha mytransport.uz portalini ishga tushirilishi kiradi.

Elektron tijoratining B2B tizimida, ya’ni ko‘rgazma-yarmarka savdolarida jami 1,6 trln so‘mlik bitimlar tuzildi va bu 2018 yilga nisbatan 39 foizga ko‘pdir.

2019 yilda avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksion orqali 156,1 mlrd so‘mlik 36,3 mingdan ziyod chiroyli avtoraqamlar sotildi. Bunda avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 51,1 foizga, hajmi bo‘yicha – 28,3 foizga o‘sdi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 4,3 million so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi 2019 yilda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali xarid.uz ni operatori sifatida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Yil davomida byudjet va korporativ buyurtmachilar portalda davlat xaridlari bo‘yicha barcha e’lonlarni joylashtirib, davlat xaridlarni amalga oshirishda elektron auksion va elektron do‘kon tizimlaridan samarali foydalanishdi.

2019 yil yakunlariga ko‘ra mazkur portalda jami 3,8 trln so‘mlik bitimlar tuzildi. Byudjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan tejalgan mablag‘larning umumiy miqdori esa 805,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlarda kichik biznes sub’yektlarining ulushi 95 foizdan oshdi.

2020 yilning 1 yanvaridan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridlarini hududlar kesimida va mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida amalga oshirish imkonini beruvchi milliydokon.uzex.uz va emilliydokon.uzex.uz yangi savdo tizimi ishga tushirildi.

Anjumanda shuningdek birjaning 2020 yilda rejalarishtirilgan asosiy ishlar va istiqbolli loyihalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-son qaroriga muvofiq 2020 yil 1 yanvaridan 38 ta yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni faqat ochiq birja savdolari orqali sotilishi va bunda bozor tamoyillari to‘la qo‘llanilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek istiqbolda birjaning yagona kliring tizimini joriy etilishi kutilmoqda. Ya’ni endilikda mijozlar birja savdolari va onlayn auksionlarida tovarni sotish yoki sotib olishlari uchun birjaning hisob-kitob kliringdagi bitta hisobvarag‘idan foydalanadilar.

Davlat xaridlari bo‘yicha mijozlar uchun “SMS-xabarnoma” bepul xizmati joriy etilmoqda. Unga ko‘ra buyurtmachilar tomonidan joylashtirilgan yangi buyurtma to‘g‘risida xabar tadbirkorning mobil raqamiga kelib tushadi.

Navbatdagi loyiha ko‘rgazma-yarmarka savdo tizimini tubdan yangilanishini nazarda tutadi. Unga ko‘ra savdo ishtirokchilari tuzilgan bitimlar ijrosini hisob-kitob kliringi palatasi orqali kafolatlash mexanizmi afzaliklaridan foydalana oladilar.

Shuningdek, savdolar bo‘yicha elektron hisob-kitoblar tizimini joriy etish, chakana savdo bilan shugullanadigan tadbirkorlar va jismoniy shaxslar uchun ham alohida vebsaytlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari o‘rtasida fikr almashildi, birja rahbarlari va mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar