O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2019 yilning 9 dekabr kuni “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” forumining sakkizinchi vazirlar konferensiyasi doirasida O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston delegatsiyalari rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Ellis Uells va Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Idris Zaman boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.

Uch tomonlama uchrashuv chog‘ida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdoni kengaytirish, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish, shuningdek, ushbu davlatni mintaqaviy integratsion jarayonlariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Afg‘oniston hukumati va xalqaro hamjamiyatga tinch siyosiy jarayonni ilgari surish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash va Afg‘onistonni Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatini AQSh va Afg‘oniston tomonlari yuqori baholadilar.

O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘llarini muhokama qilish, shuningdek, ushbu hamkorlik jarayonida muayyan loyihalarni moddiy-texnik rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish uchun ushbu uch tomonlama maslahatlashuvlarda doimiy tus berishga kelishib olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar