To‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaydigan OTMlar ro‘yxati ma’lum qilindi

To‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaydigan OTMlar ro‘yxati ma’lum qilindi

Tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan 10 ta oliy ta’lim muassasasida 2020/2021 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaslikka qaror qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1 yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan 10 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlangandi.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalari ruyxati:

  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Samarqand iqtisodiyot va servis universiteti;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti;
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
  • Toshkent moliya universiteti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik instituti;
  • Toshkent farmatsevtika instituti;
  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Urganch davlat universiteti;
  • Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.

Xabarga ko‘ra, Prezidentnining 12 iyundagi davlat ajratadigan kvotasi to‘g‘risidagi qarorida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosda o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berilgan edi.

Ta’kidlanishicha, 19 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan 10 ta OTM rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazildi va unda Prezidentnining yuqorida qayd etilgan qaroridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosda o‘qitish qiymatini belgilash masalasi muhokama qilindi.

«Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, talaba-yoshlarning tahsil olishi uchun qulay sharoitlarni yaxshilash maqsadida 2020/2021 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini oshirmaslikka qaror qilindi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bir yillik shartnoma qiymati mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanishini inobatga olib, ushbu miqdor o‘zgarganda masalani qayta ko‘rib chiqishga kelishib olingani ma’lum qilindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar