Surxondaryolik murojaatchilar nimalardan shikoyat qilishdi?

Surxondaryolik murojaatchilar nimalardan shikoyat qilishdi?

Surxondaryo viloyati aholisi uchun Sariosiyo, Oltinsoy, Qiziriq va Termiz tumanlarida tashkil etilgan ommaviy qabullarda Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank kabi 12 ta vazirlik, idora hamda sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Uch kun davom etgan ommaviy qabullarda 900 ga yaqin fuqaroning murojaati tinglandi. Shundan 336 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi, 136 nafar murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, 339 ta murojaat ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, nazoratga olindi.

Murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, ularning asosiy qismi uy-joy olish, moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta’minoti hamda bank-moliya, soliq, sud, ishga joylashish, ishga tiklanish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari, tabiiy gaz, elektr ta’minoti hamda yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha kelib tushgan. Ommaviy qabullar davomida aksariyat murojaatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z joyida hal etilib, murojaatchilarning talabi qondirildi.

Xususan, qabul davomida ehtiyojmand, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar vakillariga tikuv mashinalari, elektra pech va gaz plitalari, nogironlik aravachalari topshirildi. Tumanning “Saliobod” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Dilnoza G‘aniyeva barvaqt ota-onasidan judo bo‘ldi. Natijada voyaga yetmagan singlisi bilan yolg‘iz qoldi. Bu ham yetmagandek ishsizlik dard ustiga yana bir dard edi. Turmush tashvishlari endi Dilnozaning zimmasida. Shu bois, uning sayyor qabulga ish so‘rab qilgan murojati tezda o‘rganilib, shu yerning o‘zida unga tikuv mashinasi olib berildi.

Qiziriq va Bandixon tumanlari viloyatning ijtimoiy sharoiti nisbatan og‘ir hududlaridan sanaladi. Shu bois Respublika miqyosidagi rahbarlar tomonidan mazkur hudud aholisining muammo va tashvishlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan ommaviy qabullar Qiziriq tumanida tashkil etildi. Sayyor qabul davomida 500 nafarga yaqin fuqarolarning murojaatlari yechimiga kirishilar ekan amaliy natijalar darrov bo‘y ko‘rsatdi. Misol uchun, Bandixon tumanining “Saroy” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Chorshanbi Elmurodov bundan 5 yil avval baxtsiz hodisa tufayli to‘shakka mixlanib qolgan edi. Toshkent shahridagi malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan shaxs jarrohli mualajasidan so‘ng yurishi mumkin degan xulosaga kelingan edi. Biroq Chorshanbi akaning iqtisodiy imkoniyati cheklanganligi bois u kishi mustaqil harakat qilshdek ne’matdan bebehra edi. Ommaviy qabul esa Chorshanbi Elmurodovning hayotida yangi sahifa ochilishiga sabab bo‘ldi. Uning davolanishi uchun kerakli mablag‘ ajratildi.

Ommaviy qabul davomida oldingi ana shunday ochiq muloqotlar jarayonida ko‘tarilgan masalalar ijobiy yechim topgani, odamlarni rozi qilish yo‘lida hayotga tatbiq etilayotgan tub islohotlardan mamnun ekanini bildirish uchun kelgan yurtdoshlarimiz ham ko‘p bo‘ldi.

Misol uchun, Maryam Muhammedova Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan viloyatda tashkil etilgan ilgarigi ommaviy qabulda ichki ishlar organlari tizimida faoliyat olib borayotgan o‘g‘li ishdan nohaq bo‘shatilgani yuzasidan murojaat qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida bu masala mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan har tomonlama xolis ko‘rib chiqilib, adolat qaror topdi. Bundan tabiiyki, uning barcha oila a’zolari, avvalambor, onaizorning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

Bir so‘z bilan aytganda, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishi bilan yashash mutasaddilarning eng asosiy maqsadi bo‘lib, uning ro‘yobi yurtimiz ravnaqiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar