Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi O‘zbekistonga 46,2 mln dollar ajratdi

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi O‘zbekistonga 46,2 mln dollar ajratdi

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (QXRXJ) O‘zbekistonga 46,2 mln dollar miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli qarz mablag‘larini, shuningdek, 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘larini ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qilgan.

Ma’lumot uchun, QXRXJ — BMTning ixtisoslashgan muassasasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish va aholining ovqatlanish holatini yaxshilash maqsadida moliyaviy resurslarni jalb qilishdir. 1977 yildan buyon QXRXJ 90 ta mamlakatda 350 mln odamga yordam berish bo‘yicha 700 tadan ortiq dastur va loyihalarni moliyalashtirish doirasida 10 mlrd dollar miqdoriga yaqin imtiyozli kredit va grantlar taqdim etdi.

"47 mln dollar miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimni QXRXJ prezidenti Jilber Ungbo va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov imzoladi. Imzolash marosimi 4 avgust kuni videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi", deyiladi xabarda.

Bitim shartlariga ko‘ra, QXRXJ 46,2 mln dollar miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli qarz mablag‘larini, shuningdek, 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘larini ajratadi. Mazkur mablag‘lar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilayotgan «Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasining 2-chi bosqichi doirasida taqdim etilmoqda.

Loyihada zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘lar barpo etish, ekologik toza va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qayta ishlash quvvatlari va omborxonalar sig‘imini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida ko‘zda tutilgan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, qishloq joylarda qo‘shimcha yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish natijasida mehnat unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirish hisobiga loyiha hududning 375 mingdan ortiq aholisi daromadlarining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, QXRXJning O‘zbekistondagi loyihalar portfeli umumiy qiymati 139,5 mln dollarlik 4 ta loyihadan iborat, ulardan O‘zbekiston meva-sabzavot sektori rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan 1 ta 28,3 mln dollarlik loyiha 2019 yilda amalga oshirilgan, qolgan loyihalar esa hozirgi vaqtda amalga oshirish bosqichida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va sut sanoati sektorida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar