Pul qadri yoki qadrsizlanishi nimalarga bog‘liq?

Pul qadri yoki qadrsizlanishi nimalarga bog‘liq?

Nazariy jihatdan inflyasiyaga taklif, talab va import omillari guruhi ta’sir qiladi. Hammaga ma’lumki, inflyasiya bu umumiy iste’mol mahsulotlari va xizmatlar narxlari oshishi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari oshsa, mahsulotlar narxi oshadi va bu taklif inflyasiyasini keltirib chiqaradi. Boshqa tarafdan, aholi daromadlarining oshishi bozordagi mahsulot va xizmatlarga talabni oshiradi, bu esa talab inflyasiyasiga sabab bo‘ladi. Undan tashqari, milliy valyutaning qadrsizlanishi import qilinadigan iste’mol tovarlari narxining oshishiga sabab bo‘ladi va bu import inflyasiyasini keltirib chiqaradi. O‘zbekiston sharoitida har uch omil guruhi inflyasiya darajasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Lekin alohida omillar guruhining sof ta’sir kuchi haqida tahlilchilarning fikrlari turli xil.

Koronavirus pandemiyasi muammosi paydo bo‘lishidan oldin taklif omillari ichida oxirgi yillardagi soliq siyosati, xususan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi tadbirkorlik sub’yektlarining qamrovi kengayganini alohida aytish mumkin. Bu o‘z navbatida, mahsulotlar narxi oshishiga olib keldi. Boshqa tomondan, narxlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar va xizmatlarning ko‘pchiligi uchun bozor narx shakllanish tizimiga o‘tildi. Bu tovar va xizmatlar uchun bozor narxlari ancha balandligi sababli iqtisodiyotdagi umumiy narxlar darajasida ta’sir ko‘rsatdi. Yaqinda Prezident ta’kidlagan davlat korxonalarining samarasiz ishlashi ham, bu korxonalar monopol statusga ega bo‘lgan sharoitda ularning mahsulot va xizmatlari narxi oshishga olib keladi va inflyasiyani keltirib chiqaradi.

Inflyasiyaga kreditlash ko‘lamining ta’siri katta, deb qarash keng tarqalgan. So‘nggi yillarda kreditlash ko‘lami oshgani rost. Jumladan, aholi uchun «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida kreditlar berilmoqda. Bu o‘z navbatida bozorda qo‘shimcha talab keltirib chiqarish orqali narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, davlat sektorida ish haqi o‘rtacha 30-40 foizga oshgani va daromad solig‘i tushirilgani ham bozordagi narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Import inflyasiyasi omillari ichida valyuta liberalizatsiyasi (erkinlashtirilishi) siyosati omilining roli katta. Bu milliy valyuta so‘mning qadrsizlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Valyuta kursi o‘zgarishi import narxlariga ta’siri orqali ichki inflyasiyaga bevosita ta’sir qiladi. Bu ta’sir odatda rivojlangan davlatlarga qaraganda rivojlanayotgan davlatlarda kattaroq bo‘ladi. Buning sababi iste’mol savatida xalqaro bozorda oldi-sotdi qilinuvchi, xususan oziq-ovqat tovarlarning ulushi katta. So‘nggi yillarda import ko‘lamining eksport ko‘lamiga nisbatan oshib ketishi ham devalvatsiyaga ta’sir qilmoqda. Natijada, import qimmatlashmoqda, narxlarning umumiy darajasi oshmoqda. Ba’zilar import aslida oshmadi, liberallashuv siyosati natijasida «rasmiylashdi» deyishi mumkin. Lekin liberallashuv siyosatining iqtisodiyotning ba’zi tarmoqlaridagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan to‘g‘ri kelishi, haqiqatan ham import oshganini bildiradi.

Oxirgi yillarda inflyasiyani jilovlashga siyosiy xohish borligi ko‘rinib turibdi. Jumladan, inflyasion targetlashga o‘tish va byudjet qonun ko‘rinishida qabul qilinishi bir tarafdan siyosiy tartibni ta’minlaydi va davlat pul-kredit va fiskal siyosati borasidagi ishlarning aniqligi oshishi hisobiga inflyasion kutilmalarni jilovlanishiga xizmat qiladi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini asosan oziq-ovqat mahsulotlarining narxlaridagi o‘zgarish qiziqish uyg‘otadi. Oziq-ovqat narxlari o‘zgarishiga, bir tarafdan, oziq-ovqat mahsulotlari taklifining kamayishi ta’sir o‘tkazsa, ikkinchi tarafdan, ularga talabning oshishi ham ta’sir etadi. Xalqaro tashkilotlar tadqiqotlari natijasiga ko‘ra oxirgi oyda aholining 40% o‘z xarajatlarini qisqartirgan bo‘lsa, 60% aholi xarajatlari oshgan. Xarajatlar oshishi asosan nisbatan boy aholi hisobiga to‘g‘ri keladi. Karantin sharoitida, umumiy olganda, uzoq muddatli iste’mol tovarlari (mebel, kiyim-kechak, elektrotexnika va b.) ishlab chiqarish hajmi cheklangan (ishchilar ishga qatnay olmagani, xom ashyo kelishi to‘xtab qolgani kabi omillar ta’sirida). Shu bilan birga, ularga bo‘lgan talab ham aholi daromadlari kamayishi hisobiga pasaygan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan 10 mingdan ziyod kishi qatnashgan so‘rovnoma natijalari ham qatnashganlarning 63% hozirda uzoq muddatli iste’mol tovarlari xarid qilish uchun yaxshi fursat emasligini ta’kidlab o‘tgan (10% xarid qilish tarafdori bo‘lgan).

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi

Baxtishod Hamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar