O‘zini o‘zi band qilish: qulay, qonuniy va xavfsiz

O‘zini o‘zi band qilish: qulay, qonuniy va xavfsiz

O‘zini o‘zi band qilganlar – bu xizmatlar ko‘rsatishda mustaqil ravishda shaxsiy mehnati bilan ishtirok etadigan, mehnat daromadini olish uchun ish olib boruvchi shaxslar. Bunda ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmaydi va yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Faoliyat turlari ushbu havolada keltirilgan.

O‘zini o‘zi band qiladiganlar rasman ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, qonuniy ravishda ishlashlari, shuningdek, mijozlardan qabul qilingan barcha buyurtmalarni rasmiylashtirish va saqlashi mumkin. Ma’lumotlar bazasida har bir buyurtma uchun ishlarning soni va qiymati, shuningdek, mijozning telefon raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanadi. Buyurtma asosida chek shakllantirish va uni mijozga yuborish imkoniyati mavjud.

O‘zini o‘zi band qilganlar har oy yakuni bo‘yicha buyurtma asosida olingan daromadlari va xarajatlari hisobini yuritishi va ijtimoiy solig‘ini hisoblashi mumkin. Istalgan vaqt oralig‘i uchun daromadlar va xarajatlar haqidagi to‘liq ma’lumotlar birgina tugmani bosish orqali shakllantiriladi.

O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3 bandiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Soliqlarni to‘lash masofadan turib, mobil ilova yoki har qanday elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lash jarayoniga o‘xshaydi. Endi soliq majburiyatlarini soliq organlariga tashrif buyurmasdan bajarish mumkin.

Hozirgi vaqtda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun xizmat turlari va imkoniyatlar kengaymoqda. Bir qator muhim funksiyalar va qulayliklar ishlab chiqilmoqda. Misol uchun, xizmatlarni mashhur elektron maydonchalarda reklama qilish, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlarni qabul qilish (P2P) imkoniyatlari yaratilmoqda. Mijozlar bazasi bilan aloqa o‘rnatish ise’molchilar tomonidan berilgan baho va fikr mulohazalarni ko‘rish imkonini beradi. Mobil ilovaning Android versiyasi bilan bir qatorda iOS versiyasi ham yaratilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar