O‘zbekistonga yarim yil davomida qancha turist tashrif buyurgani va qancha o‘zbekistonliklar turistik maqsadda mamlakatni tark etgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonga yarim yil davomida qancha turist tashrif buyurgani va qancha o‘zbekistonliklar turistik maqsadda mamlakatni tark etgani ma’lum qilindi
O‘zbekistonga 2020 yilning yanvar-mart oylari davomida turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 1,2 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, aprel-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 2,1 ming kishini tashkil etdi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Shu bilan birga, 2020 yilning yanvar-mart oylarida turistik maqsadlarda ketgan O‘zbekiston fuqarolari 1,4 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, aprel-iyun oylarida esa bu ko‘rsatkich 3,5 ming kishini tashkil etdi.

O‘zbekistonga yarim yil davomida turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 60,0 foizga kamaygan. O‘zbekistondan ketganlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 61,3 foizga kamaygan.

MDH davlatlariga 2020 yilning yanvar-mart oylarida ketgan O‘zbekiston fuqarolari 1,3 million kishini tashkil etgan bo‘lib, bu jami ketganlarning 92,7 foizini tashkil etdi. Uzoq xorijiy davlatlarga esa 104,6 ming kishi (yoki 7,3 %) ketgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari sonining tahlilidan ko‘rinadiki, 2020 yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 million nafar kam chet el fuqarolari tashrif buyurgan. Chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni, 2019 yilning yanvar-iyun oylarida jami 3,7 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning mos davrida esa 1,4 million nafarni tashkil etdi.

O‘zbekistonga Qozog‘istondan 397,9 ming kishi (barcha tashrif buyurganlarning 32,9 % i), Tojikistondan 332,8 ming kishi (27,5 %), Qirg‘izistondan 298,4 ming kishi (24,7 %), Rossiyadan 65,0 ming kishi (5,4 %), Turkmanistondan 60,6 ming kishi (5,0 %) va Ozarbayjondan 2,0 ming kishi (0,2 %) tashrif buyurgan.

Uzoq xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismi Turkiyadan 13,6 ming kishi (1,1 %), Janubiy Koreyadan 5,3 ming kishi (0,4 %), Xitoydan 4,5 ming kishi (0,4 %), Hindistondan 3,6 ming kishi (0,3 %), Yaponiyadan 1,3 ming kishi (0,1 %) va Fransiyadan 0,9 ming kishi (0,1 %) tashrif buyurgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar