O‘zbekiston XMTning Yevropa va Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan mintaqaviy sammitida mehnat bozorida pandemiya ta’siriga qarshi kurashish tajribasi bilan tanishtirdi

O‘zbekiston XMTning Yevropa va Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan mintaqaviy sammitida mehnat bozorida pandemiya ta’siriga qarshi kurashish tajribasi bilan tanishtirdi

1 iyul kuni Xalqaro Mehnat Tashkilotining Global Sammiti davomida Yevropa va O‘rta Osiyoda koronavirus pandemiyasining mehnat bozorlariga ta’siriga qarshi kurashish yo‘llari va kelajakdagi istiqbollarini muhokama qilish maqsadida mintaqaviy sessiyalardan biri bo‘lib o‘tadi. Eng yirik onlayn-uchrashuv sessiyasida mehnat vazirlari va Shveysariya, Shvetsiya, Portugaliya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Rossiya, Gruziya kabi davlatlarning mehnat vazirlari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari rahbarlari qatnashadilar. Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ishtirok etadi, u ishtirokchilarni mamlakat mehnat bozori uchun pandemiya oqibatlarini bartaraf etishning mahalliy tajribalari bilan tanishtiradi.

XMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi choragida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ish vaqtining 3 foizi (to‘liq ish vaqti sharoitida 12 million ish o‘rniga teng) yo‘qotilgan va ikkinchi chorak oxirida 12,9 foiz ish vaqti (to‘liq ish vaqti sharoitida 50 million ish o‘rniga teng) yo‘qotilishi mumkin. Shu munosabat bilan xalqaro hamjamiyat pandemiyaning odamlar uchun, shuningdek, iqtisodiyot va jamiyat uchun halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashmoqda.

XMT ko‘magida vazirlik COVID-19 ning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganish ustida ish olib bormoqda va o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, inqiroz iqtisodiyotning bir qator muhim sohalarida (xizmat ko‘rsatish, qurilish va boshq.) ishchilarni, ayniqsa, kichik biznesda band bo‘lgan yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlashga juda kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.

O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar XMTning pandemiyaga qarshi kurashning to‘rtta asosiy tamoyillariga to‘la mos keladi, ya’ni u iqtisodiyot va bandlikni rag‘batlantirishga, korxonalarni, ish o‘rinlari va daromadlarni qo‘llab-quvvatlashga, ishchilarni ish joylarida himoya qilishga va ijtimoiy muloqotga qaratilgan. Prezident tashabbusi bilan 10 trillion so‘m miqdorida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va “Mehr-shafqat va salomatlik” kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan oilalarning bandligini ta’minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” joriy etildi. Vaqtincha bandlik bo‘yicha jamoat ishlari fondi mablag‘lari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlandi; 33 mingdan ortiq oilalar kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali ta’minlandi; aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan subsidiyalar hisobiga 3 ming ishsiz ish bilan ta’minlandi; 20 ming ishsizga ishsizlik bo‘yicha nafaqa berildi. Shunday qilib, 374 ming fuqaro Mehnat vazirligi tomonidan uch oy davomida bandlik va doimiy daromad bilan ta’minlandi.

Ayni vaqtda XMT bilan birgalikda O‘zbekistonning mehnat bozorida muhim bo‘lgan tashabbuslarni amalga oshirish davom etmoqda, xususan: 1) Mehnat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi; 2) «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangilangan loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun taqdim etildi; 3) Milliy bandlik strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

O‘z nutqida Nozim Xusanov ish joylarida ishchilarni himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida to‘xtalib o‘tdi. Birinchi navbatda, Davlat mehnat inspeksiyasi epidemiologiya xizmati bilan birgalikda korxonalarda sanitariya me’yorlari va mehnat xavfsizligini ta’minlash tizimini monitoringini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunga qadar mehnat inspektorlarining monitoring guruhlari 5757 korxonada bo‘lib, ularning 892 tasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi me’yorlarining buzilishini aniqladi. Har bir vaziyatni alohida o‘rganish uchun inspektorlarga tavsiya berdi.

Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, amaldagi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatdi. Normativ me’yorlar hozirgi sharoit va xalqaro standartlar talablariga muvofiq ishchilarni himoya qilish va munosib mehnat sharoitlarini tashkil qilishni maksimal darajada ta’minlashi kerak.Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida hamkorlkda ishlashga umid bildirdi.

Pandemiya paytida noqonuniy ishdan bo‘shatish masalalari kun tartibida paydo bo‘ldi, ish haqini, homiladorlik hamda tug‘uruq nafaqasini to‘lashdan bosh tortish hollari ko‘paydi. COVID -2019 pandemiyasi davrida Davlat mehnat inspeksiyasi fuqarolarning mehnat qonunlari buzilishi va ish joyida huquqni cheklashga oid 8,2 mingta shikoyatni ko‘rib chiqdi, shundan 3 mingtasi ayollar tomonidan yuborilgan. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 3,6 ming fuqaroning, shu jumladan 1,2 ming ayolning mehnat huquqlari tiklandi.

Ko‘pgina korxona va tashkilotlar karantin-cheklov choralari sharoitida o‘z faoliyatlarini masofaviy ishlash rejimiga moslashtirdilar. Bunday ish rejimiga o‘tish va barcha me’yorlarga rioya qilishni ta’minlash maqsadida Mehnat vazirligi «Xodimlarni masofaviy ish usuliga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizom»ni ishlab chiqdi va joriy etdi.

O‘zbekistonda qonun ustuvorligini, gender tengligini, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida xalqaro mehnat standartlarini mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

2019 yilda O‘zbekiston XMTning 29-sonli Mehnat Konvensiyasiga Protokolni ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat bo‘ldi. XMTning «Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida», 129-sonli «Qishloq xo‘jaligidagi mehnat nazorati to‘g‘risida» va 81-sonli «Sanoat va savdo sohasidagi mehnat nazorati to‘g‘risida»gi uchta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi, bu esa ushbu sohalarda bandlik va ishchi kuchi monitoringini kuchaytirishga imkon berdi. Ayni paytda XMTning yana uchta konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda: 17-sonli «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda ishchilarga kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida», 183-sonli «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi 1952 yildagi konvensiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida», 187-sonli «Mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash asoslari to‘g‘risida».

COVID-19 ning dunyo miqyosida keng tarqalishi millionlab ishchilar va korxonalarni xavf ostiga qo‘yib, mehnat bozorlarining zaifligini ko‘rsatdi. Ushbu yig‘ilishdagi munozaralardan so‘ng XMTning kelgusi faoliyati bo‘yicha mintaqaviy takliflarni ishlab chiqish, jumladan keyingi strategik reja va tadbirlar dasturini tayyorlash rejalashtirildi.

Umuman olganda, XMT Global Sammitining besh kuni ichida, 2020 yil 1–2 iyul va 7–9 iyul kunlari mintaqaviy va global tadbirlar bo‘lib o‘tadi, ushbu tadbirlar davomida pandemiyaning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari bilan qanday kurashish mumkinligi, shuningdek, pandemiyadan so‘ng mehnat bozorini tiklash yo‘llari muhokama qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar