O‘zbekiston tarixida ilk marta “Yevro – 4” va “Yevro – 5” dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarildi

O‘zbekiston tarixida ilk marta “Yevro – 4” va “Yevro – 5” dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarildi

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida O‘zbekiston tarixida ilk marta “Yevro – 4” va “Yevro – 5” sifatli dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarildi.

Shu kunga qadar zavodda ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari (avtobenzin va dizel) “Yevro – 2” standarti talablariga mos kelgan. Korxonada katalizator va seolit almashtirilgach, yangi sifat darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni yaratildi.

Fransiyaning “Axens” kompaniyasi mutaxassislari karantin sababli gazoyl gidrotozalash qurilmasi katalizatorini almashtirishda ishtirok eta olmadi. Zavod va kompaniya mutaxassislari onlayn aloqada bo‘lib, “Axens” kompaniyasi sxemasi asosida reaktorga yangi katalitik tizim o‘rnatishdi.

Natijada 2020 yilning 30 mart kuni “Yevro – 4” va “Yevro – 5” sinfidagi ekologik toza dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Laboratoriya tahlillariga ko‘ra, olingan dizel yoqilg‘isida oltingugurt birikmalari miqdori 3 ppm bo‘lib, bu ko‘rsatgich “Yevro – 5” sinfiga mos dizel yoqilg‘isiga to‘g‘ri keladi (10 ppm dan ko‘p emas). Mazkur qurilma mavjud texnologik sxemada yiliga 100 ming tonnagacha yangi standartdagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

“Yevro – 4” va “Yevro – 5” yoqilg‘isi dvigatel ishlash jarayonini yaxshilash, yemirilishni kamaytirish, zararli chiqindi gazlar miqdorini keskin kamaytirish va silindrlar ishlash davrini uzaytirish kabi afzalliklarga ega.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar