Navoi viloyatida tadbirkorlarning 3 mlrd so‘m puli undirib berildi

Navoi viloyatida tadbirkorlarning 3 mlrd so‘m puli undirib berildi

Aholi murojaatlariga asosan hududlardagi ichki yo‘llar tekislanib, tosh-shag‘al, asfalt qoplamalari yotqizildi, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti borasidagi qator kamchiliklar bartaraf etildi, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga kredit ajratilishida amaliy yordam berildi, ish so‘rab kelganlarning murojaatlari ijobiy yechim topdi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak ko‘rsatildi. Sud idoralariga o‘z huquqlarini tiklash uchun qilingan murojaatlar ham qonuniy tartibda ko‘rib chiqildi.

Qiziltepa tumanining “Furqat” mahallasi aholisining ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha murojaati o‘rganib chiqilib, 2-sektor va yo‘l idoralari ko‘magida 7 kilometr yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi, qariyb 10 kilometrlik ichki yo‘llarga asfalt qoplamalari yotqizildi. Yana 10 kilometr yo‘lni asfalt qilish “yo‘l xaritasi”ga kiritilib, bu ishlar 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi to‘g‘risida fuqarolarga atroflicha ma’lumot berildi.

Qiziltepa tumanidagi “Demas” mahallasi Qatag‘on qishlog‘i aholisining ham ichki yo‘llar ta’miri bilan bog‘liq murojaati ijobiy yechim topdi. Ishchi guruhi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida qariyb 500 metr yo‘l shag‘allandi.

Tumanning “Mayta” mahallasida yashovchi Baxtiniso Tilavova bir hovlida 3 ta oila yashashi, tomorqada issiqxona qurish uchun sharoit borligi, lekin moliyaviy jihatdan imkoniyati yo‘qligini aytib, murojaat qildi. Uning murojaati qabulda o‘rganib chiqilib, kredit ajratishda amaliy yordam berildi. Ta’minotchi korxonalar orqali uning tomorqasiga 2 sotixli issiqxona qurilishi shu kunning o‘zida boshlanib, tayyor holatda topshirildi.

Ommaviy qabulda ichki ishlar vazirligi vakillariga tizim idoralari yo‘nalishlarida ham kshplab murojaatlar kelib tushdi. Xususan, konimexlik Jalg‘as Jakipov 2015 yildan buyon ichki ishlar organlarida ishlashga ishtiyoqi yuqori ekani uchun hujjat topshirib kelayotgani, bu borada unga to‘sqinlik qiladigan qonuniy asoslar yo‘qligi, o‘tgan yillar davomida profilaktika inspektori yordamchisi lavozimida ishlaganligini aytib murojaat qildi. Uning sohada yetarli tajriba orttirgani, qiziqishi va layoqati inobatga olinib, murojaati ommaviy qabul doirasida tuzilgan komissiya tomonidan o‘rganib chiqilib, ijobiy xulosaga kelindi va u ishga qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari tomonidan viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan jonli muloqotlar doirasida 182 ta fuqaro qabul qilindi. Jinoyat, fuqarolik, ma’muriy ishlar bo‘yicha hamda iqtisodiy sudlarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida sudlar tomonidan jami 37 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi, 20 nafar shaxsga nisbatan belgilangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi, 38 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash tartibi yengillashtirildi. Shular qatorida tadbirkorlik sub’yektlari, dehqon xo‘jaliklari va yakka tartibdagi tadbirkorlar foydasiga 3 mlrd so‘mga yaqin 20 ta da’vo arizalari joyida qanoatlantirildi. Nikohdan ajratish uchun murojaat qilgan 11 ta oila yarashtirildi.

Ommaviy qabul jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarga tibbiy-reabilitatsiya vositalaridan ko‘mak ko‘rsatildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, koronavirus pandemiyasi sharoitida turmush sharoiti qiyinlashgan xonadonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarga aholida e’tibor berildi.

Qabullarda jami 638 nafar fuqaroning murojaatlari tinglandi va ulardan 644 ta masala qabul qilindi. Muammolarning 310 tasi (48%) joyida ijobiy hal etilib, qanoatlantirildi, 129 tasiga (20%) huquqiy tushuntirish berildi va 206 ta (32%) murojaat ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar