LBMA suv va mineral o‘g‘itlarni berishning moslashuvchan intellektual tizimini ishga tushirdi

LBMA suv va mineral o‘g‘itlarni berishning moslashuvchan intellektual tizimini ishga tushirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 iyuldagi PQ-3832-sonli “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda respublikaning irrigatsiya sohasida raqamli iqtisodiyotni joriy qilish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xususan, 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent viloyatida «Skolkovo» (Rossiya) rezidenti «AIST» kompaniyasi vakillari tomonidan suv va mineral o‘g‘itlarni berishning moslashuvchan intellektual tizimi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Parkent tumanida ajratilgan yer uchastkasida namoyish etildi. Agentlik tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu namoyishda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Namoyish paytida ishlab chiquvchilar intellektual sug‘orish tizimi bilan simsiz aloqaga asoslangan apparat-dasturiy kompleksdan iborat bo‘lgan texnologiyani namoyish etdilar. Tizim ham daraxtlar, ham sabzavot ekinlarini sug‘oradi va ularga mineral o‘g‘itlarni yetkazib beradi, shuningdek, har bir o‘simlikka suv va mineral o‘g‘itlarni kerakli miqdorda va o‘z vaqtida manzilli va aniq yetkazib beradi. Tizim mahalliy tuproq va iqlim sharoiti va o‘simlik turini hisobga olgan holda ma’lum bir dalaga moslashadi, yetkazib beriladigan suv hajmi, tizimning ishlash vaqti, harorat va namlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini yaratadi va ildiz joylashgan qatlamdagi namlikning oldindan belgilangan qiymatini saqlab turadi. To‘liq avtonom rejimda ishlay olish qobiliyati Tizimga butun sug‘orish mavsumida ish holatini saqlab turishga imkon beradi.

Bundan tashqari, sug‘orishning raqamli xaritasi, hamda sug‘orish yoki o‘g‘itlash bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish bo‘yicha sun’iy intellekt tizimi shakllantiriladi.

Moslashtirilgan intellektual tizim LPWan va Narsalar Interneti texnologiyasini amalga oshiradi va WI-FI, GSM aloqa kanallari orqali har qanday qurilmadan (planshet, smartfon, noutbuk), shuningdek, statsionar kompyuterlardan foydalangan holda boshqariladi va dispetcherlik tizimini tashkil qiladi. Tizim tarkibiga kiruvchi modullar va sensorlar avtonom elektr ta’minoti va o‘rnatilgan dasturiy ta’minotga ega bo‘lib, markaziy blok tomonidan 3 kmgacha bo‘lgan harakat radiusi miqyosidagi radioaloqa kanali orqali boshqariladi.

O‘zbekistonda yetarli miqdordagi suv zaxiralarining yo‘qligi sababli qishloq xo‘jaligi har yili sug‘orish mavsumida suv tanqisligiga duch keladi. Tizimning namoyish etilishi ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasida suv resurslari yetishmasligi sharoitida sug‘orish paytida uning noyobligi, qo‘llanish imkoniyatlari, harakatchanligi, suvni tejashdagi samaradorligini namoyish etdi. Texnologiyaning asosiy afzalliklari sug‘orish uchun suv bilan ta’minlash hajmining kamayishi, tuproq namligini nazorat qilish mumkinligi uchun tuproq sho‘rlanishining pasayishi va ko‘lmaklar paydo bo‘lishining oldini olish, har qanday sug‘orish tizimlarida tez o‘rnatilishi, va eng muhimi, o‘simlik va tuproq bilan doimiy aloqada bo‘lib turishdir.

Tizimning keng qo‘llanilishi dalaning sho‘rlanishi, kislotalanishi va botqoqlanishiga yo‘l qo‘ymagan holda sarf qilinadigan suv hajmini 80 foizgacha va elektr energiyasini 15-30 foizga tejash imkoniyatini beradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar