Milliy statistika tizimini rivojlantirish – islohotlar samaradorligi garovi

Milliy statistika tizimini rivojlantirish – islohotlar samaradorligi garovi

Bundan tashqari, Parlament nazoratini samarali amalga oshirish, qonun hujjatlarini qabul qilishda ham statistik ma’lumotlarga tayaniladi.

Iqtisodiyotning raqamli transformatsiyalashuvi sharoitida statistika davlat, jamiyat va biznesni ob’yektiv, ishonchli hamda shaffof ma’lumotlar bilan ta’minlovchi umummilliy manba sifatida shakllanishi kun tartibida eng dolzarb masala sifatida turibdi.

Bugungi kunda, statistik ma’lumotlardan jamiyatning barcha a’zolari to‘liq va cheklovlarsiz foydalanishi, statistikaning ijtimoiy ne’mat sifatida shakllanishi uchun ma’lumotlarning ochiq va ishonchli bo‘lishiga talab tobora kuchayib bormoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, xususan, Buyuk Britaniya Milliy infratuzilmani rivojlantirish komissiyasining 2017 yildagi hisobotida (NIC, 2017) statistika Milliy infratuzilmaning muhim elementi, amalga oshirilayotgan siyosatning samaradorligini ta’minlashda va uning natijalarini baholashda xizmat qiluvchi ijtimoiy ne’mat ekanligi qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqining Statistika byurosi xulosalariga asosan (Eurostat, 2018; Baldacci et al., 2016) xalqaro miqyosda katta massiv ma’lumotlarga (Big data) bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda.

O‘zbekistonda ham so‘nggi uch yilda statistika tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 31 iyuldagi PQ-3165-son va «Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2019 yil 9 apreldagi PQ-4273-son qarorlari qabul qilingan.

Natijada, statistika tizimida bir qator ijobiy o‘zgarishlarga erishildi.

Jumladan:

- inflyasiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirilib, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi 2016 yildagi 334 tadan 2020 yilga 510 taga kengaytirildi;

- oltin zaxirasi, tabiiy boyliklar, Davlat byudjeti va tashqi qarz haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinmoqda;

- Jahon bankining statistika salohiyati indeksida O‘zbekiston ko‘rsatkichi 2018 yilda 54,4 balldan 64,4 ballgacha ko‘tarildi;

- Xalqaro valyuta jamg‘armasining Ma’lumotlarni tarqatish umumiy tizimi doirasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi;

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining «UN Comtrade» xalqaro tashqi savdosi axborotlar bazasiga qo‘shilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, sohada axborotlarning umumiy foydalanish uchun ochiqlik holati, ochiq ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari qabul qilingan xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi kabi bir qator muammolarning mavjudligi mamlakatimizning statistika salohiyati indeksidagi o‘rni pastligiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, Jahon bankining statistika salohiyati indeksida O‘zbekiston ko‘rsatkichi so‘nggi ikki yilda 10 ballga ko‘tarilib 64,4 ballni tashkil etgan bo‘lsada, daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar (73,3 ball) va daromadlari o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlarning (71,7 ball) mazkur ko‘rsatkichlaridan ancha past.

Xalqaro mehnat tashkiloti indikatorlarining 80% foizi, Oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) – 64%, YuNESKOning ta’lim bo‘yicha milliy statistika bazasida – 48%, Xalqaro energetika agentligining – 43% bo‘yicha bizda tarmoq statistikasi yuritilmay kelinmoqda.

Statistika tizimidagi ushbu muammolarni bartaraf etish amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlashda, mamlakatimiz nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashda, jahon hamjamiyati oldida rivojlanishning ochiqlik prinsiplarini namoyish etishda asosiy vosita sifatida namoyon bo‘ladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Statistika tizimi qanchalik haqqoniy va ochiq bo‘lsa, amalga oshirayotgan islohotlarimiz shunchalik to‘g‘ri va natijador bo‘ladi».

Shuning uchun 1 iyun kuni Prezident tomonidan Milliy statistika sohasini takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan:

  • Tarmoqlar statistikasini to‘liq shakllantirish, ularni yagona xalqaro statistika tizimi bilan uyg‘unlashtirish maqsadida yil yakuniga qadar ishsizlikni aniqlashni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga to‘liq moslashtirib, so‘rov o‘tkazish tartibini takomillashtirish va qamrovni kengaytirish;
  • Mamlakatimizda tibbiy sug‘urtani joriy qilishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasida kasallikni davolash xarajatlarini aniqlashning xalqaro hisob tizimini joriy etish;
  • Energiya samaradorligini hisoblash uslubi va energiya iste’moli balansini takomillashtirish;
  • Ta’lim, qishloq xo‘jaligi, tashqi savdo, transport, qurilish, ekologiya, turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish tarmoqlari statistikasini xalqaro standartlarga mos ravishda muvofiqlashtirish;
  • Xalqaro ma’lumot bazalarida iqtisodiyotimiz tarmoq ko‘rsatkichlarini to‘liq aks ettirish va mehnat, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi sohalar bo‘yicha xalqaro bazalarda O‘zbekiston haqidagi ko‘rsatkichlarni to‘liq ko‘rsatilishini ta’minlash belgilandi.

Statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha statistik kuzatuv ma’lumotlarining yarmi qog‘oz shaklida to‘planishi va ma’lumotlarni tahlil qilishda bundan 20 yil oldingi dasturiy ta’minotdan foydalanilib kelinayotgani ta’kidlandi. Eskicha ish uslubidan voz kechib, statistika, soliq, mehnat, moliya sohalarida statistik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashning integratsiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda statistik ma’lumotlarni shakllantiruvchi 32 ta davlat idoralarining 7 tasida maxsus bo‘limlar mavjudligi, shu bilan birga 30 dan ortiq davlat idoralarining sohadagi faoliyati muvofiqlashtirilmay kelinayotganligiga izoh berib o‘tildi. Ushbu idoralarda statistik ko‘rsatkichlarning 40% shakllantirilishi, biroq, ularning ish jarayonlarida tarmoqlar va quyi bo‘g‘inlar bilan o‘zaro uzviylikning yo‘qligi, shakllantirilgan ma’lumotlar bazalarining o‘zaro uyg‘unlashmaganligi kabi muammolar belgilab o‘tildi.

Chet el tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, AQSh, Germaniya va Hindiston kabi iqtisodiyoti rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakatlarning statistika tizimi bir necha alohida mustaqil organlardan tashkil topgan. Ushbu organlar faoliyati o‘zaro uzviylikda va uyg‘unlikda amalga oshirilib yagona tizimni tashkil etadi.

Misol uchun, AQShda Sog‘liqni saqlash statistikasi milliy markazi, Ta’lim statistikasi milliy markazi, Mehnat statistikasi byurosi kabi 9 dan ortiq statistik organlar o‘zaro uyg‘unlikda faoliyat yuritib yagona federal statistika tizimini tashkil etgan.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun xalqaro talablar asosida mustaqil statistika tizimini yaratish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, 17 yil avval tashkil etilgan «Statistika kengashi» faoliyatini butunlay qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

Shu bilan birga, statistik ma’lumotlarni shakllantirishda asosiy manba hisoblanadigan aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik holatiga ham to‘xtalib, O‘zbekistonda ushbu tadbir so‘nggi marta 30 yil oldin o‘tkazilganligi qayd etildi. Mamlakatimizda aholini 2022 yilda ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur jarayonga qo‘shimcha 170 ming fuqaroni jalb qilish va ularni o‘qitish zarurligi belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, uy-joy fondi va biznesni «ro‘yxatga olish»larni o‘tkazishga ham tayyorgarlik ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Sohani rivojlantirishning muhim muammolaridan yana biri kadrlar potensialini rivojlantirish masalasi hisoblanadi. Tizimdagi xodimlarning 2% statistika bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. So‘nggi besh yilda 318 nafar bakalavr va 33 nafar magistr tayyorlangan. Ularning 10% statistika idoralarida faoliyat olib bormoqda, xolos. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha oxirgi 30 yilda 1 nafar fan doktorligi, 11 nafar fan nomzodi ilmiy darajasini olish bo‘yicha dissertatsiyalar yoqlangan.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va statistika fanini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Belgilangan chora-tadbirlarni samarali va izchil amalga oshirish uchun Jahon banki mutaxassislari bilan birga statistika sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilib, uni amalga oshirish uchun $50 mln jalb qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, milliy statistika tizimini rivojlantirish o‘z navbatida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarida barqaror rivojlanishni ta’minlashda, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning natijadorligini aks ettirishda hamda mavjud kamchiliklarni belgilab olish va istiqbolda ularni samarali bartaraf etishda xizmat qiluvchi ko‘zgu sifatida namoyon bo‘ladi.

Shaffof, ochiq va ishonchli statistik ma’lumotlarning mavjudligi mamlakat ravnaqining va unda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligining garovidir.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

sektor mudiri Xurshid Asadov

Forbes.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar