Mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratildi

Mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratildi

Pandemiyadan keyinga davrda mehmonxonalarning raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, yulduzlik toifasini olishga rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020 yil 19 iyundagi 4755-sonli qaroriga ko‘ra, mehmonxonalar tomonidan ularga berilgan toifa saqlangan taqdirda, 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar tegishli yil yakuniga ko‘ra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizini joylashtirish vositalariga qaytarish belgilandi.

Misol uchun, toifaga ega bo‘lmagan mehmonxona uch yulduzli toifani 2020 yilda oldi hamda 2021 yil davomida uch yulduz toifasini saqlab qoldi. Toifaga ega bo‘lishdan oldin xorijiy mehmonning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi turistik yig‘im sifatida undirilgan bo‘lsa, toifa olgandan so‘ng BHMning 21 foiz miqdorida turistik yig‘im undirdi. Yil yakuniga ko‘ra, mehmonxonaga uch yulduz toifa hisobiga hisoblangan BHM 6 foizining yarmi qaytariladi.

O‘z navbatida, pandemiya sharoitidagi murakkab vaziyatda toifa olish istagidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020 yil 28 maydagi 6002-sonli farmonining 4 bandi, “d” kichik bandiga muvofiq, 2021 yil 1 iyunga qadar mehmonxonalarga toifa olish yoki mavjud toifani oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan 3, 4 va 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun tegishlicha 5,10 va 15 mln so‘m miqdorida qoplab berish nazarda tutilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar