Koronavirus pandemiyasi ortidan global oziq-ovqat inqirozi boshlanadi(mi?)

Koronavirus pandemiyasi ortidan global oziq-ovqat inqirozi boshlanadi(mi?)

BMT Oziq-ovqat dasturi prognoziga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi ortidan global oziq-ovqat inqirozi kutilmoqda. Dastur mutaxassislarining fikricha, 2020 yilda 265 million kishi ochlikdan aziyat chekadi - bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p degani.

Sohadagi boshqa ekspertlar esa jahonda oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat inqirozdan uzoqda, deb hisoblamoqda.

Aslida, so‘nggi o‘n yillikda global oziq-ovqat inqirozi xavfi mavzusi bir necha bor ko‘tarilgan. Dastlab, ekspertlar aholi soni haddan tashqari tez o‘sishi oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab bo‘lishidan ogohlantirdilar. Buning ortidan esa oziq-ovqat ishlab chiqarish oqsashi kutildi. Keyinchalik, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ehtimoliy muammolar qo‘shildi. Xususan, yaqinda BMT 2050 yilga borib iqlim o‘zgarishi sababli hosildorlik sezilarli darajada pasayishini bashorat qildi.

Umuman olganda, global qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish barqaror bo‘lib turibdi. So‘nggi 10 yil ichida go‘sht ishlab chiqarish hajmi 10 foizga oshgan. Xuddi shuningdek, donli mahsulotlar yetishtirish hajmi ham yildan-yilga o‘sib bormoqda. Muhimi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror darajada saqlanib turibdi. Misol uchun, AQSh birjalarida bugungi kunda bug‘doyning narxi 1970 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan atigi 20 foizga qimmat. Inflyasiya hisobga olinsa, joriy narxlar o‘tgan asrdagi ko‘rsatkichlardan ikki baravar pastligi anglashiladi.

Qolaversa, koronavirus pandemiyasi tufayli global joriy etilgan karantin choralari qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q. Xususan, jahonning hech bir mamlakatida fermerlarning ishlashi va harakatiga jiddiy cheklovlar kiritilmagan. Biroq, meva va rezavorlarni ishlab chiqaruvchilarda ba’zi muammolar paydo bo‘lishi mumkin (ushbu mahsulotlarni yetishtirish va yig‘ish mashaqqatli va har doim ham mexanizatsiyalashtirilmagan). Ko‘pgina mamlakatlarda mazkur soha ichki va xalqaro miqyosda muhojirlarning mehnatiga bog‘liq bo‘lib, karantin choralari ularga o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq qo‘yishi mumkin.

O‘z navbatida, so‘nggi 10-15 yil ichida asta-sekin, ammo barqaror ravishda global oziq-ovqat ta’minoti ko‘rsatkichlari oshmoqda. Masalan, guruchning global zaxiralari 2005 yilda 90 million tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yil boshida ushbu ko‘rsatkich 150 million tonnaga chiqdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar