Jizzax viloyatidagi agroklaster qanday qilib O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlamoqda?

Jizzax viloyatidagi agroklaster qanday qilib O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlamoqda?

O‘zbekiston mart oyi o‘rtalarida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro yo‘lovchi tashishni vaqtincha to‘xtatdi. Butun dunyo: AQSh, Yevropa Ittifoqi va MDH mamlakatlari bo‘ylab chegaralar yopilmoqda. Taqiqlar vahimali kayfiyatlarga olib kelmoqda. Aholi agar yuk tashishlar ham taqiqlanadigan bo‘lsa, oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch kelishdan xavfsiramoqda.

Pandemiya sharoitlarida mamlakatning ichki resurslari muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini bajarish uchun 2019 yilda Jizzax viloyatida Jizzax organic agrosanoat klasteri tashkil etildi. U go‘sht va sut mahsulotlari, o‘simlikshunoslik va zotdor chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Jizzax qishloq xo‘jaligi klasteriga umumiy investitsiyalar summasi 150 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

«Klaster hududida ekish ishlari davom etmoqda va yerlarni sug‘orish tizimi tiklanmoqda. Ekish aylanmasiga 1,5 ming gektar yerni qaytardik, yana 2,4 ming gektarga teng yerlar ozuqa ekinlari uchun qayta tiklanadi. Buning uchun kompaniya 8 mln. AQSh dollariga teng nemis qishloq xo‘jalik texnikasini import qildi va uni ekish ishlari yakuniga qadar yetkazib berish uchun yana 1,7 mln. AQSh dollarli shartnoma tuzdi. Ona mollar podasini bo‘rdoqiga boqish davom etmoqda, hayvonlar Daniya, Chexiya va Germaniyadan olib kelingan. Sentyabrda yana 5000ta qoramol AQSh, Yevropa va Rossiyadan keltirilishi kutilmoqda. Oxirgi uch oyda biz 63 ta buzoqchaning tug‘ilishiga erishdik, aprel-may oylarida esa 270ta yangi buzoqchaning dunyoga kelishi kutilmoqda. Bu harakatlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu hozirgi yuzaga kelgan vaziyatda ayniqsa muhimdir», — deya, korxonada olib borilayotgan ishlarga Jizzax organic direktori Xikmatilla Karimov izoh berdi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019 yilda 2,47 mln. tonna go‘sht (2018 yilga nisbatan +1,4%) va 10,7 mln. tonna sut (2018 yilga nisbatan +2,3%) ishlab chiqarildi. Shu bilan birga mahalliy kompaniyalar hozircha bozor ehtiyojlarini butunlay qoplamaydi. Go‘sht va oziq-ovqat, sut mahsulotlari importi hajmi 2019 yilda o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 2,1 martaga o‘sdi va 39,8 mln AQSh dollarini tashkil etdi.

2019 yilda tashkil etilgan Jizzax organic yiliga 1500 tonna premial marmar mol go‘shti va yiliga 24000 tonna sut ishlab chiqarish, shuningdek, sifatli genofondga ega mollarni ko‘paytirish va mahalliy fermerlarga sotish yo‘li bilan mamlakatimiz chorvachilik xavfsizligini ta’minlash qobiliyatiga ega.

O‘zbekiston xorijdan mahsulot yetkazib berilishiga qaram bo‘lib qolmasligi uchun Jizzax qishloq xo‘jalik klasteri ozuqa ekinlari urug‘ini yaratish ustida ishlamoqda. Kompaniya, shuningdek, aprel oyida vatanimiz chorva mollari zotdorligini oshirish uchun yuzta mahalliy sigirni embrional urug‘lantirish bo‘yicha tajriba o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, «Jizzax Organic» XK MChJ Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi 619-son Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan. Korxonaning ishi O‘zbekistonning agrosanoat sektorini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. «Jizzax Organic» XK MChJ chorvachilik, o‘simlikshunoslik va seleksiya-genetika ishlari bilan shug‘ullanadi. Jizzax qishloq xo‘jaligi klasteriga investitsiyalar summasi 150 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar