Jahon banki 30 yil muddatga shartlar asosida 500 mln dollar mablag‘ ajratadi

Jahon banki 30 yil muddatga shartlar asosida 500 mln dollar mablag‘ ajratadi

11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yo‘nalishlari, mablag‘dan foydalanish sxemasi va tartiblari belgilab berilgan.

Unga ko‘ra, umumiy qiymati 659,3 mln AQSh dollariga teng va 6 yilga (2020–2026 yillar) mo‘ljallangan ushbu loyihaga Jahon banki tomonidan 30 yil muddatga quyidagi shartlar asosida jami 500 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi:

  • 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln AQSh dollari miqdorida qarz;
  • 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit;
  • 5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit.

Belgilanishicha, loyihada O‘zbekiston Respublikasining ulushi – 159,3 mln AQSh dollarini, shu jumladan, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSh dollarini tashkil qiladi.

Prezident qarori bilan loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘lar:

  • qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;
  • qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, statistik ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish;
  • oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda «Daladan iste’molgacha» tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yo‘l va boshqa zarur infratuzilmani yaratish;
  • eksportni rag‘batlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
  • yer va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanish;
  • sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat ko‘rsatish servisini takomillashtirish kabi maqsadlarda yo‘naltiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar