Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Bugun, 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila a’zolari bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 162-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

Saylovda beshta – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Ekologik partiya ishtirok etmoqda.

Bu muhim ijtimoiy-siyosiy voqea “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida, fuqarolarning siyosiy faolligi ortgan sharoitda hamda yangi saylov qonunchiligiga muvofiq o‘tmoqda.

O‘zbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirildi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy etildi. Kvota belgilash instituti bekor qilindi. Beshta siyosiy partiyaga, shu jumladan, yangi O‘zbekiston ekologik partiyasiga sog‘lom raqobat qilishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratildi. Siyosiy partiyalarning saylovoldi ochiq munozaralari jonli efirda yoritildi. Ularda jamiyatimizni o‘ylantirayotgan o‘tkir masalalar muhokama qilindi.

Oxirgi yillardagi ochiqlik, demokratik burilishlar natijasida jamiyatimiz ham o‘zgardi. Bu saylov jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Fuqarolar ishonch va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi bilan saylov uchastkalariga kelib, kelajak uchun ovoz bermoqda.

Davlatimiz rahbari 162-saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi, birgalikda suratlarga tushdi. Birinchi marta ovoz bergan yoshlar, ota-onasi bilan kelgan bolalarning o‘qishlariga rivoj tiladi.

Nuroniylar mamlakatimizga tinchlik-farovonlik, Prezidentimizga sog‘lik-omonlik tilab duolar qildi.

Barcha saylov uchastkalarida qonunchiligimizda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 6 ming 720 ta okrug va 10 ming 315 ta, jumladan, 38 mamlakatda 55 saylov uchastkasi tashkil etildi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni o‘tayotgan o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etmagan shaxslar ham saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

Saylov jarayonini kuzatishda MDH, ShHT, YeTTB, Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi, Turkiy kengash, TurkPA, shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi tarkibida 700 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qildi. Ular saylovlar ochiq, yuksak saviyada o‘tayotganini, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshganini ta’kidlashdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar