Yevroosiyo Ittifoqiga kirish manfaatlarimizga mos keladi

Yevroosiyo Ittifoqiga kirish manfaatlarimizga mos keladi

Foto: eurasian-studies.org

So‘nggi kunlarda turli davralarda mamlakatimizning Yevroosiyo ittifoqiga kirishi masalasi qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Fikr-mulohazalar turli-tuman, kimlardir mazkur ittifoqqa kirishimizni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi. Shu sabab men ham O‘zbekistonning YeOIIga kirish masalasining ijobiy va salbiy jihatlari haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy itttifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari quyidagicha belgilangan:

- a’zo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;

- Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resursla-rining yagona bozorini shakllantirishga intilish;

- global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya , kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish.

Mazkur Ittifoq tuzishning maqsadlari 2016 yil sentyabr oyidan bosh-langan O‘zbekiston Respublikasi yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan “Harakatlar Strategiyasi” maqsadlariga to‘g‘ri kelayotganligi ko‘rinib turibdi. Demak, YeOII va bugungi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatlarining asosiy maqsadlari bir-biriga mos keladi.

RF, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari-ning umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aho-lisining soni 186 million kishi, YaIM hajmi 1, 9 trillion AQSh dolla-riga teng. Ko‘rinib turibdiki, YeOIH – hajmi jihatidan juda katta bozor va bu bozorning teng huquqli a’zosi bo‘lish O‘zbekistonga ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.

O‘zbekiston uzoq yillar mobaynida YeOII davlatlari bilan SSSR nomli bitta davlat tarkibida bo‘lgan va shu bois mazkur davlatlar bilan juda yaqin iqtisodiy aloqalar bilan bog‘langan. Birgina qo‘shni davlatlarni olib qaraylik. Markaziy Osiyoda joylashgan beshta davlatning asosiy hududi uzoq asrlar davomida yagona davlat tarkibida bo‘lgan. To‘g‘ri, beshta davlat maydonida bir paytning o‘zida bittadan ko‘p davlat ham hukm surgan davrlar ham bo‘lgan. Masalan, chor Rossiyasi istilosidan oldingi asrlarda hudud uchta davlatga bo‘linib ketgan edi.

Lekin qadimda Markaziy Osiyo davlatlari bitta davlat tarkibida bo‘lganmi yoki 3 ta davlat bo‘lib yashaganmi, bundan qat’iy nazar, ular iqtisodiyotlari asrlar mobaynida tabiiy-iqlim, yer-suv, aholining ko‘chmanchi yoki o‘troq holda yashashi kabi turli omillar ta’siri ostida bir-birini to‘ldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan. SSSR parchalangunga qadar Markaziy Osiyo davlatlari yagona hududiy kompleks sifatida saqlanib turgan.

1992-2016 yillar mobaynida beshta davlatning iqtisodiy aloqalari susaydi, o‘rtada sun’iy to‘siqlar paydo bo‘ldi. Bu davlatlarning hammasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Mamlakatimizning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyo- satni butkul o‘zgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish yo‘lini boshladi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi, tobora kamayib borayotgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlari oxirgi yillarda yana osha boshladi. Misollarga murojaat qilaylik. Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokida 950 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyada esa O‘zbekistonning iqtisodiy sub’yektlari ishtirokida 550 dan ortiq korxona mavjud. Ikki mamlakatning mintaqalararo hamkorligi ham yanada kengaymoqda va bugun o‘zbekistonlik tadbirkorlar Rossiyaning 70 ga yaqin hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilishmoqda.

Belorussiya bilan mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati sohasida hamda mahalliylashtirishni kengaytirishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilyapti.

O‘zbekistonda Qozog‘iston Respublikasi kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona, Qirg‘iziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatda, Qozog‘iston hududida 150 ga yaqin Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi, Qirg‘iziston hududida esa 200 dan ortiq Qirg‘iziston-O‘zbekiston qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2016-2019 yillarda YeOII davlatlari bilan hamkorlikning kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi; tuman va shaharlarni industrial rivojlantirish maqsadida hududlarga chet el investitsiya resurslarini jalb qilish imkoniyatini oshiradi.

Ittifoq doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz olib o‘tilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday to‘siqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Bu iqtisodiy aloqalar kuchayishining ijobiy tomonlari edi. Shu bilan birgalikda uning ayrim salbiy jihatlari ham mavjud:

  • mamlakatimizda mahsulotlari yuqori narxga ega bo‘lgan korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sirlar bo‘lishi;
  • ichki bozorda import mahsulotlari hajmining ko‘payishi;
  • ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi, hozir turlicha bo‘lgan texnik tartibga solish va standartlarni bir xil qilish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi;
  • tayyor sanoat tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tumanlararo tafovut ortishi mumkin.

Mamlakatimizda eksportni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish strategik vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori zarur bo‘ladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Yevroosiyo ittifoqi bilan integratsiyalashuv juda muhim vazifa hisoblanadi. Qolaversa, YeOII ga kirishimiz agrar mahsulotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradiki, bu katta miqdorda qo‘shimcha foyda ko‘rishimizga sabab bo‘ladi.

Chorvachilik sohasida esa hozircha go‘sht kabi mahsulotlarni import qilishimizga to‘g‘r kelyapti. Bu masalani ham YeOII hisobiga hal etishimiz mumkin bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligida ham YeOII ga kirishning ayrim salbiy jihatlari bor. Masalan, bu jarayon mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga, o‘simliklarni himoya qiluvchi ximikatlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga moliyaviy zarar yetkazish ehtimoli bor.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Bu borada mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

SSSR da yagona energetika tizimi mavjud edi. U O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga umumiy quvvatlardan birgalikda foydalanish va hamma sohani elektr energiyasi bilan talab darajasida ta’minlash imkonini bergan.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Janubiy Qozog‘istonni o‘z ichiga oluvchi mintaqaviy energotizimni Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi sifatida shakllantirish 1991 yilda yakunlangan edi. U o‘z ichiga 25 ming MVt umumiy quvvatga ega 83 ta elektr stansiyasini qamrab olgandi. Biroq, SSSR tarqalib ketgach, davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yagona energetika tizimi buzilib ketdi.

YeOII ga kirish uning doirasida yagona elektr energiyasi bozori yaratish va shu yo‘l orqali barcha a’zo-davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Bu Ittifoq a’zolarining iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.

O‘zbekiston ittifoqqa a’zo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni bo‘yicha Rossiyadan keyin 2-o‘rinni egallaydi. Bu esa, O‘zbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi o‘ta muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda 2,4 millionga yaqin kishi ishlash uchun chet elga chiqib ketgan. Tashqi migrantlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,2 mln kishi yoki 91,7 %) to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bilan MDH mamlakatlari orasida Rossiyaga kirib kelayotgan migrantlar soni bo‘yicha 1-o‘rinni egallamoqda.

Ittifoqqa a’zo bo‘lish mehnat munosabatlari masalasida O‘zbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:

- migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;

- migrantlarning qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni ta’minlaydi;

- mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqish qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozori muvozanatligini ta’minlaydi;

- patent to‘lovlari bekor qilinadi va bu migrantlarimizga oyiga o‘rtacha 150 – 170 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha foyda olib keladi;

- mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga tayyor ishchi kuchi bo‘lib va innovatsiyalar bilan keladi va boshqalar.

Shuning bilan birga, Ittifoqqa a’zo bo‘lish bu borada ayrim kamchiliklardan ham xoli emas:

- sifatli ishchi kuchining mamlakatdan chiqib ketishi va buning oqibatida mamlakatda unga bo‘lgan talab va taklifning buzilishi yuz berishi mumkin;

- saviyasiz migrantlarning xorijiy mamlakatda o‘zini tutishi va xorijiy tillarni bilmasligi O‘zbekiston obro‘siga salbiy ta’sir o‘tkazadi;

- migrantlarning turli xil salbiy oqimlarga qo‘shilish ehtimolligi mavjud.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev ta’kidlaganidek, 1992-2016 yillar mobaynida “O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini yaratish bilan shug‘ullanmadi, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlay olmadi”. U yana aytadiki, “bozor iqtisodiyotiga o‘tishda xususiylashtirishni o‘tkazish va xususiy mulk xavfsizligini ta’minlash kerak”.

Senat raisi birinchi o‘rinbosari fikrlarining to‘g‘ri ekanligini tan olgan holda unga yana shularni qo‘shimcha qilish mumkinki, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari va dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda YeOII davlatlari bizdan ancha oldinga o‘tib ketishgan. Shu bois mazkur Ittifoqqa a’zo bo‘lib kirsak, biz ularning bu boradagi tajribasidan ham samarali foydalanishimiz mumkin.

O‘zbekistonning YeOII ga a’zo bo‘lishi masalasi haqida o‘ylar ekanman, internet sahifalarida xorijiy va o‘z ekspertlarimiz bu haqida bildirgan fikrlar bilan ham tanishib chiqdim. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, ekspertlarning bu boradagi mulohazalari turlicha, ular bir-birlaridan keskin farq qiladi. Ittifoqqa a’zo bo‘lishni ijobiy baholagan fikrlar ko‘proq. Lekin ular ichida o‘ta sayoz, chuqur o‘ylanmagan, ortiqcha hayajonga berilgan, yetarli asoslanmagan, hatto mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fikr va mulohazalar ham uchraydi. Masalan, qator masalalar bo‘yicha internet sahifalarida yaxshi dalillangan fikrlar bilan tanilgan ekspert Aziza Umarova o‘zining Feysbuk sahifasida YeOII ga a’zolik faqat Rossiyaga foydali, boshqa a’zolarga hech qanday yaxshilik olib kelmagan, degan fikrni yozibdi. Uning fikricha, Rossiya yetakchiligidagi Ittifoqqa kirgandan keyin orqaga yo‘l qolmaydi. Ekspert, “tinchgina ajralish, tinch yo‘l bilan tarqalish imkonsiz”ligini ham qayd etgan. Bundan tashqari, mazkur ekspertning “Assalom, Sovet Ittifoqi”, degan fikrini “YeOIIga kirish – Sovet Ittifoqiga qaytish”, deb tushunish mumkin. Muhtarama Aziza Umarovaning bunday fikrlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va hech qanday dalilga ega emas.

Ekspert Kamoliddin Rabbimov esa o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozishicha, Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifidan maqsad O‘zbekistonga bosimni kuchaytirishdir. Rabbimovning O‘zbekistonning YeOII ga kirishi “Shu paytgacha Rossiya tarafidan bo‘lgan va bo‘layotgan bosimlarning siyosiy maqsadini rasmiylashtirish, shartni eslatish va bosimni yuqoriroq pallaga olib chiqish hisoblanadi,” degan fikri ham munozarali va yetarli asosga ega emas. Zero, mamlakatimining mazkur Ittifoqqa Rossiyaning bosimi ostida kirishi mumkinligi Rabbimovdan boshqa biror kishining xayoliga ham kelmayotgan fikr bo‘lsa kerak?!

Qolaversa, yirik siyosatshunos va iqtisodchi olim, O‘Zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev qat’iy ta’kidlab o‘tganidek, “O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymaydi!”.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishining qator ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ko‘rinib turibdiki, uning ijobiy jihatlari ancha ko‘p va salmoqli hamda Ittifoqqa kirish O‘zbekistonning manfaatlariga mos keladi. Hamma gap YeOII ga kirishga puxta tayyorgarlik ko‘rishga bog‘liq. Ana shunda bu tadbir xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada o‘sishiga yordam beradi.

Odil Olimjonov,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

[1] https://podrobno.uz/cat/obchestvo/uzbekistantsy-zanyali-pervoe-mesto-po-chislu-trudovykh-/?

[2] https://novosti.tj/migraciya/trudovyie-migrantyi-v-rossii-dolzhnyi-oplatit-patent-do-2019-goda.html

[3] https://kun.uz/ru/52879584

[4] https://podrobno.uz/cat/obchestvo/moe-pokolenie-menshe-vsego-nadeyalos-na/

[5] https://kun.uz/news/2019/10/04/ozbekiston-milliy-manfaatlarga-rahna-soluvchi-hech-qanday-shartnomaga-qol-qoymaydi-sodiq-safoyev-yeoiiga-azolik-ehtimoli-haqida

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar