Bo‘sh stadionlar davri: pandemiya sport yulduzlari daromadlariga qanchalik ta’sir qildi?

Bo‘sh stadionlar davri: pandemiya sport yulduzlari daromadlariga qanchalik ta’sir qildi?

Koronavirus tufayli Lionel Messi deyarli $50 mln, Krishtianu Ronaldu esa $20 mln yo‘qotadi. Lebron Djeymsga har bir qoldirilgan o‘yin $300 mingga tushadi. MXL xokkeychilari esa 25% gacha bo‘lgan maoshlaridan ayrilishadi.

Pandemiya sababli to‘xtatilgan professional sport katta miqdordagi daromadlardan ayrilmoqda. Karantin o‘tgunicha soha sarf-xarajatlarni qisqartirishga majbur, buning asosiy qismini esa sportchilarning maoshlari tashkil qiladi. Shartnomalar miqdori qanchalik yuqori bo‘lishi barobarida jamoalar rahbarlari uchun bu mushkul davr shunchalik qimmatga tushadi. Shu sababli hatto yirik jamoalar ham sportchilar bilan maoshlarning qisqartirilishi borasida kelishishga majbur bo‘lishyapti. Aksariyat individual sport turlarida musobaqalar to‘xtatilganligi bois sportchilarda mukofot pullarini ishlab olish imkoniyati mavjud emas. Xo‘sh, epidemiologik vaziyat sport yulduzlarining daromadlariga qanchalik ta’sir qiladi?

Futbol

Klublarga moliyaviy muammolarning oldini olish uchun yordam tariqasida Yevropa milliy chempionatlaridagi ko‘pchilik futbolchilar ish haqlarining kamaytirilishiga rozi bo‘lishdi. Misol uchun, «Barselona» $858 mlnga teng umumiy yillik xarajatlarining $60 mln qismini futbolchilar maoshi uchun sarflar edi. Kataloniyaliklar bu summani 70%ga qisqartirishga majbur bo‘lishdi.

Krishtianu Ronaldu o‘z jamoadoshlari bilan birgalikda martdan iyungacha bo‘lgan to‘rt oylik davr uchun belgilangan maoshlaridan voz kechishdi. Bu o‘z navbatida «Yuventus»ga $97 mln yoki klub byudjetining futbolchilar ish haqi uchun ajratiladigan summaning 30% qismini tejash imkonini beradi. O‘tgan yilgi daromadlari bo‘yicha hisoblaydigan bo‘lsak, Ronaldu uchun shartnoma to‘lovlarining 30% qismi —$20 mlnga teng. Portugaliyalik yulduz 2018-2019 yilgi mavsumda jami $109 mln ishlab topgan.

Fransiya Liga 1 klublari aprel oyi boshidan buyon futbolchilarni ishsiz statusiga o‘tkazib qo‘yishdi. Bu esa maoshlarning avtomatik ravishda 30%ga qisqarishiga olib keladi. Klublar shuningdek, professional futbolchilar milliy uyushmasi va mamlakat iqtisodiyot va moliya vazirligidan tavsiyalarni olishdi: ular oyiga €10000-20000 gacha bo‘lgan maoshlarning 20% qismidan hamda € 100 mingdan oshadigan maoshlarining 50% qismidan voz kechadigan progressiv tarzdagi qisqartirilishini taklif qilishdi. Bu ayniqsa «PSJ» uchun o‘ta muhim: klub ligada yiliga $400 mlnga teng eng katta maosh byudjetiga ega. Uning 20%ni Neymarning shartnomasi «olib qo‘yadi» —$70 mln Vaqtinchalik ishsiz statusiga ega braziliyalik oyiga $4 mln oladi (maoshining 70% qismi), 50%ga teng ehtimoliy qisqartirilish esa futbolchiga $2 mln qoldiradi.

Avtosport

Koronavirus tufayli «Formula 1» mavsumi hatto boshlanishga ham ulgurmadi. Shu tufayli musobaqa egalari, bosqichlar tashkilotchilari hamda jamoalar zarar ko‘rishmoqda. Jumladan, «Alfa Tauri» bossi Frans Tost uchun har bir qoldirilgan Gran-pri jamoaga 1,5-2 mln yevroga tushmoqda. Shu sababli ba’zi pilotlar ixtiyoriy ravishda o‘z ish haqlarining bir qismidan jamoa xodimlari foydasiga voz kechishdi. Buni dastlab Karlos Sayns va «Maklaren» a’zosi Lando Norris boshlab berishdi, so‘ngra bunga qirollik poygalaridagi eng yirik shartnomalar sohiblari —«Ferrari» a’zosi Sebastyan Fettel va 2019 yilgi chempion bo‘lgan «Mersedes» vakili Lyuis Xemilton qo‘shilishdi. O‘tgan yili Xemilton $45 mln, Fettel $40 mlnga ega bo‘lgandi.

MBA va MXL

Amerika ligalarida sportchilar shartnomasi odatda kollektiv kelishuvlar bilan chegaralangan va maoshlar limiti bilan boshqariladi. Bundan tashqari MBA va MXLda «eskrou» tushunchasi mavjud: bu har oyda liga o‘yinchi maoshidan alohida sug‘urta jamg‘armasi uchun ayirmalar foizini o‘tkazishini anglatadi. Mavsum yakunida sportchilar daromadi ularga belgilangan ulushdan ko‘proq bo‘lib chiqsa (MXLda 50% va MBAda 51%), liga eskroudan yetishmayotgan qismini o‘ziga olib qo‘yadi. Liga daromadlari ko‘proq bo‘ladigan taqdirda (so‘nggi yillarda bu kamdan kam ro‘y beryapti) – o‘yinchilarga eskrouni qaytarish hisobiga farqni to‘lab berishadi.

MXLda eskrou foizi o‘zgaruvchan, mavsumning har choragida klublarning maosh byudjeti liga tomonidan belgilangan maoshlar yo‘lagidan farqlanadi. Byudjet qanchalik ko‘p bo‘lsa, eskrou ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Odatda liga maoshlar yo‘lagini o‘tgan mavsumdagi daromadlardan olib qoladi: buning asosi sifatida liga «xokkey» daromadining 50%ni oladi, uni 5%ga ko‘paytiradi (o‘sish bashorati) va bu summadan 15% pastga va yuqoriga hisoblanadi. Shu tariqa maoshlar yo‘lagining «poli» va «potologi»ni keltirib chiqarishadi.

2019-2020 yilgi mavsumda liga foydaning salmoqli qismini yo‘qotishi mumkin (MXLda hatto muntazam chempionat yakuniga yetgani yo‘q), shu sababli ba’zi ekspertlar kelgusi mavsumda eskrou o‘sishini taxmin qilishmoqda, maoshlar yo‘lagi quyi, ish haqlari esa yuqori darajada qoladi. Ammo kollektiv kelishuv MXLga kelgusi mavsumga bashoratni o‘tgan mavsum daromadlariga bog‘lanmagan holda sun’iy ravishda o‘zgartirish imkonini beradi. Liga katta ehtimol bilan bu imkoniyatdan foydalanib qoladi.

Biroq joriy mavsumda daromadlar o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun qo‘shimcha choralar talab etiladi. Shartnoma bo‘yicha liga fors-major vaziyatlarda to‘lovlar summasini o‘zgartirishi mumkin, biroq o‘yinlar to‘liq qoldirilmaganligi uchun xokkeychilarni hech kim maoshlardan mahrum qila olmaydi. Vaqtinchalik chora tariqasida MXL va xokkeychilar assotsiatsiyasi so‘nggi to‘lovni 15 maygacha «muzlatib», vaziyat oydinlashguniga qadar uning taqdirini hal etishga kelishib olishdi. MXLning eng serdaromad xokkeychisi, «Toronto Meypl Lifs» forvardi Mitch Marner uchun bu eskrou va soliqlar to‘lovi yechilguniga qadar $1,23 mln «muzlatilishini» anglatadi. Bu yilgi mavsumda eskrou 14%ga teng, bu esa Marnerning $16 mlnli shartnomasi uchun $2,2 mlnni tashkil etadi. O‘tgan besh mavsum davomida o‘rtacha eskrou 14% bo‘lganida o‘yinchilarga deyarli 3% qismi qaytarilardi, ammo 2019-2020 mavsum uchun endi qandaydir summani qaytarib olish imkoniyati bo‘lmasligi ham mumkin.

MBA basketbolchilari ham vaqtinchalik qisqartirilishga kelishib olishdi: 15 maydan boshlab maoshlarining 25% standart 10%li eskrou hisobiga qo‘shimcha ravishda yo‘naltiriladi. Bu liga qolgan o‘yinlar taqdirini hal etmagunicha davom etadi (MBAda ham hali pley-offgacha yetib borishmagan). Bu narsa ro‘y bergan paytda liga basketbolchilar maoshlaridan har bir qoldirilgan o‘yin uchun 1%dan ushlab qoladi. Jahonning eng ko‘p maosh oladigan basketbolchilari qatoridagi Lebron Djeyms, Stefen Karri va Kevin Dyurant uchun shartnomaning 1% іismi $300 — $380 mingni tashkil etadi.

Tennis va golf

Sportning eng ommabop individual turlarida pandemiya sababli turnirlar o‘tkazilmayapti, buning natijasida sportchilar ham mukofot pullarini ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lishyapti. Tennisda «Ulkan toj» (ularning ikkitasi qoldirilgan) turnirlarining yakka tartibdagi bahslarida g‘alaba qozonsa, sportchi $2-4 mln ishlaydi, Masters 1000 seriyasidagi turnirlarda deyarli $1 mln, ATR 500 musobaqalarida $300 mingdan $500 minggacha hamda ATR 250 toifasidagi bahslarda $100 ming atrofida mukofot puli ishlab olish mumkin.

Ammo top-o‘yinchilar o‘z daromadlarining yarmidan ko‘prog‘iga homiylik shartnomalari orqali ega bo‘lishadi, aynan shu sababli ular hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar e’tiborini jalb etgan holda faol ishtirok etishmoqda. 2019 yilda Rodjer Federer $93,4 mlnga teng daromadining $86 mlnni reklama kelishuvlaridan ishlab topgan. Jahon reytingining birinchi raqamli tennischisi Novak Djokovich $50,6 mlndan $30 mln qismini marketing orqali, Rafael Nadal esa $35 mlnning $26 mlnga teng ulushini tennisdan tashqi faoliyatida ishlab olgan. Biroq reytingning quyi qismidagi sportchilar uchun tennisdagi mukofot pullari – yagona daromad manbai. Shu sababli Djokovich, Nadal va Federer reytingning 200dan 700 gacha o‘rinlaridagi tennischilar uchun moliyaviy yordam tariqasida $3,5-4 mln yig‘ib berishni rejalashtirishgan. Bu maqsadda reyting yetakchilarini ATR va «Ulkan toj» turnirlari tashkilotchilari qo‘llab-quvvatlashmoqchi.

2019 yilning eng nomdor golfchilari Tayger Vuds va Fil Mikelson turnirlarda mos ravishda $9,9 mln va $12,4 mln ishlab topishgan. Reklama shartnomalari orqali ular sezilarli darajada ko‘proq $54 mln va $36 mlnga ega bo‘lishgan. Golf uchun odatdagi mukofot tizimining reklama beruvchilari pandemiyaga qay tarzda munosabat bildirishadi, buni aytish mushkul. Ko‘p narsa sportchilarning karantin davrida onlayn-faolligiga hamda turnirlar qachon teleefirga qaytishiga ham bog‘liq.

Manba: Forbes

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar