Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyotini tiklash uchun 650 milliard dollar ajratadi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyotini tiklash uchun 650 milliard dollar ajratadi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyotini tiklash uchun rekord darajada, ya’ni 650 milliard dollar mablag‘ ajratadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jamg‘arma zaxira aktivlari hisobidan 456 milliard SDR (Special Drawing Rights — maxsus qarz olish huquqlari, 650 milliard AQSh dollari) ajratadi. 275 milliard dollar rivojlanayotgan bozorlarga va mamlakatlarga beriladi.

«Ushbu muhim qaror — jamg‘arma tarixidagi eng yirik SDR taqsimoti va misli ko‘rilmagan inqiroz davrida global iqtisodiyot uchun yo‘naltirilgan moliyaviy ko‘mak hisoblanadi. SDR’ning taqsimlanishi barcha a’zo mamlakatlar manfaati uchun xizmat qiladi», — deydi jamg‘arma boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva.

Ma’lum qilinishicha, mablag‘larni ajratish to‘g‘risidagi qaror 23 avgust kuni kuchga kiradi. Mablag‘lar kvotalarga mutanosib ravishda jamg‘armaga a’zo mamlakatlarga o‘tkazib beriladi. Kvotaga muvofiq (0,116 foiz) O‘zbekiston 754 million dollar olishi mumkin.

Shuningdek, jamg‘arma yordamga o‘ta muhtoj davlatlarga tiklanish ishlarida yordam berish uchun boshqa variantlarni ham o‘rganib chiqmoqda. U jahon iqtisodiyoti joriy yil 6 foiz va kelgusi yilda 4,9 foizga o‘sishini bashorat qilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar