Xalq qabulxonalari tomonidan ishsiz yoshlar bandligi ta’minlanmoqda

Xalq qabulxonalari tomonidan ishsiz yoshlar bandligi ta’minlanmoqda

Ma’lumki mamlakatimizda yoshlar muammolarini chuqur o‘rganib, ular bandligini ta’minlash yuzasidan yil boshidanoq amaliyotga keng tadbiq etib kelinayotgan yangi g‘oyalar, bir qator tashabbus va loyihalar yuqori samara bermoqda. Buni Buxoro viloyatining eng chekka hududi sanalgan Qorovulbozor tumani misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi kunda tumanda jami 20 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, shuning 3916 nafari yoki 19 foizi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etadi. Tumanda tuzilgan “Manzilli reja” va “Yo‘l xaritasi” loyihalariga ko‘ra 2020 yilda hududdagi ishsiz yoshlarning 898 nafarini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Joriy yilning hozirgi davriga qadar esa tuman sektor rahbarlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qorovulbozor tumani Xalq qabulxonasi bilan o‘zaro hamkorlikdagi muayyan sa’y-harakatlar natijasida 224 nafar yigit–qiz bandligi ta’minlandi.

Shu o‘rinda aniq misollar asosida so‘z yuritadigan bo‘lsak, tumanda “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida maxsus dastur ishlab chiqildi. Ushbu dastur asosida hozirgacha unumdor, sug‘oriladigan 15 gektar ekin maydoni g‘ayrat-shijoatli yoshlarga taqsimlab berilishi ortidan ikkita muhim masala hal qilinmoqda. Birinchidan, yoshlar bandligi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchidan, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish imkoniyati yaratildi. Masalan, Namangan viloyatining Chust tumanidan kelgan Sayfulla Tursunaliyev o‘ziga tegishli maydonda poliz mahsulotlari yetishtirish barobarida uzumning Farg‘ona navlari parvarishini ham yo‘lga qo‘ydi.

Qorovulbozorda izlanuvchan, yangilikka intilib faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar talaygina. Shulardan biri Anvar G‘aybullayevdir. Anvar issiqxona sharoitida sitrus mevalari yetishtirish hadisini olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. U shaxsiy tomorqasida limon, mandarin va apelsin parvarishlab, yaxshigina daromadga ega bo‘lmoqda. Bundan tashqari, tadbirkor o‘tgan yildan boshlab, banan yetishtirishni tajribada sinab ko‘rdi. Tajriba esa o‘zini to‘la–to‘kis oqladi. Intilganga tole yor, deydilar. Shu ma’noda ta’kidlaganda, Anvar G‘aybullayev yosh bo‘lishiga qaramay, Qorovulbozorning tuproq va iqlim sharoitida shifobaxsh banan mevasidan yuqori hosil ko‘tarishni ham isbotlab berdi.

Yosh tadbirkor, mac’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Xurshid Jumayev davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z muvaffaqiyatlarini yil sayin mustahkamlab bormoqda. Chunki u yer tilini yaxshi biladi. Qolaversa, Xurshid qisqa vaqt oralig‘ida qishloq xo‘jaligi ilmini ham puxta o‘zlashtirib oldi. Ayniqsa qahramonimiz bugun issiqxona sharoitida ertangi bodring va pomidor mahsulotlari yetishtirishda o‘zining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatmoqda.

Qorovulbozorda Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati, tadbirkor Farrux Bekmirzayev yoshlar bandligini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamdagi ishlarga qo‘l urmoqda. Masalan, uning shu yil zamonaviy issiqxona barpo etishi ortidan ko‘plab yoshlar uchun doimiy ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari bozor ilmini har tomonlama chuqur egallab olgan ishbilarmon parandachilikni rivojlantirish orqali, shuningdek, qurilish uchun zarur xomashyo sanalgan g‘isht ishlab chiqarish sexi va kolbasa tayyorlash kichik korxonalarini qisqa muddatlarda ishga tushirishi natijasida chekka hudud sanalgan Qorovulbozorda bandlik muammolari sezilarli darajada bartaraf etildi.

Ayni paytda davlatimizning yoshlarga bo‘lgan g‘amxo‘rligi bir qator tashabbuslarga qanot bag‘ishlamoqda. Bunga misol, qorovulbozorlik Imomali Obloqulovga o‘tgan yili “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 200 million so‘m kredit ajratildi. Ish ko‘zini biladigan Imomali ushbu mablag‘ yordamida chetdan 100 bosh zotli echki sotib oldi. Aytish joizki, 5 kishini ish bilan ta’minlagan yosh tadbirkor ixtiyoridagi echkilar bir yilda 100 boshga ko‘paydi.

Xalq deputatlari Qorovulbozor tumani kengashi deputati, tashabbuskor va serg‘ayrat Alisher Mirzayev tomonidan tuman markazida ohak tosh ishlab chiqarish korxonasi barpo etilganligiga ikki yil bo‘layotir. Mahsulot sifatini korxona ko‘zgusiga aylantirayotgan ahil va hamjihat jamoa asosan yoshlardan iboratdir. Bu yerda 2019 yilda 26 ta, 2020 yilda 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash uchun sektorlar va tuman Xalq qabulxonasi o‘zaro hamkorlikda amaliy ishlarni davom ettirmoqda. Bu esa aholining real daromadlarini oshirib, farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotganligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Yaxshiyev Nabijon Shoyqulovich,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qorovulbozor tumani Xalq qabulxonasi mudiri

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar