Sayyor qabullarda nazoratga olingan masalalar keyinchalik o‘z yechimini topyaptimi?

Sayyor qabullarda nazoratga olingan masalalar keyinchalik o‘z yechimini topyaptimi?

Joriy yilning 25-26 iyun kunlari Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari boshchiligida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo hamda Oltinsoy tumanlarida tashkil etilgan sayyor qabullarda Sariosiyo tumanidan fuqarolarning 222 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Ushbu murojaatlarning 61 tasi joyida hal etildi. 52 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan 109 ta murojaat bo‘yicha tegishli mutasaddilarga vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan edi. Nazoratga olingan murojaatlar bosqichma bosqich o‘z ijobiy yechimini topmoqda.

Xususan, tumandagi “Marjona” mahallasi aholisini yo‘l, elektr tayanch ustunlari suv va boshqa bir qator muammolar qiynab kelayotgan edi. Fuqaro Abdujalil Odinayevning sayyor qabulda yuqoridagi muammolar yuzasidan mahalla ahli nomidan qilgan murojati tegishli soha vakillari tomonidan o‘rganildi. Va amaliy ishlar boshlab yuborildi. Dastlab 5 kilometrdan ortiq masofadagi ichki yo‘llar tekislanib asfalt yotqizildi. Mahalladagi 1968 yillarda o‘rnatilgan eski sim yog‘ochlar yangi beton ustunlarga almashtirilmoqda.

Sayyor qabulda nazoratga olingan muammolardan yana biri bu tumandagi “Shabnam” mahallasi aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi. Mazkur murojjat xam sektor rahbarlari tomonidan manzilli rejaga kiritilib, ishlar boshlab yuborildi. “Mukammal qurilish Butlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan 500 metr masofadan ichimlik suvi quvurlari tortib kelish uchun qazish ishlari boshlab yuborildi. Ayni vazifalarni ado etishga jamiyatning 20 nafardan ortiq malakali mutaxassislari hamda 4 ta maxsus texnikalar jalb etildi. Endi qisqa muddatda 120 dan ortiq oilaning toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladigan bo‘ldi.

2017 yilda tog‘li hududlardagi tabiiy ofat – ko‘chki tufayli “Gavharbuloq” mahallasidagi 42 ta xonadon tuman markazidagi “Sharq Yulduzi” mahallasiga ko‘chirilib, joylashtirilgan edi. Aholini qiynab kelayotgan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo qabuldagi murojaatdan so‘ng ijobiy hal etildi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ushbu mahallaga 160 kilovatt kuchlanishdagi elektr podstansiyasi o‘rnatildi. 40 dona beton tayach ustunlari o‘rnatilib, elektr simlari tortilmoqda. Natijada 80 ta xonadonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab qondiriladi.

Oltinsoy tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda ham fuqarolarning turli masalalarga oid 200 dan ortiq murojaati ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 84 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 45 tasi bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha vaqt va o‘rganish talab etiladigan 73 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha mutasaddilarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Qabulda fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘lgan holatlar chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Muloqot asnosida Oltinsoy tumani “Yangiariq” mahallasida yashovchi Zamira G‘aniyevaning kasb-hunar kollejini tugatgan o‘g‘lining bandligi masalasi yechildi.

Shuningdek, qabulda ilgari bandlik masalasida murojaat qilgan 40 nafar ishsiz ayollarga “Gilam to‘qish” kursini tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar ham topshirildi. Jonli muloqotlar doirasida ijtimoiy ahvoli yomonligi sabab murojaat qilgan 11 ta oilaga ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash uchun zamonaviy tikuv mashinalari berildi.

Tumanning “Xalqobod” mahallasidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari boshlangan bo‘lsada, ba’zi bir sabablarga ko‘ra oxiriga yetmay qolgan edi. Mazkur ishni yakuniga yetkazish masalasida qilingan murojaat ham mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar