Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratiladi

Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratiladi

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratiladi. Bu haqda va toshqin oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha “Yuksalish” umummilliy harakati ma’lumot berdi.

Talofat oqibatlarini to‘liq aniqlash va ularni bartaraf etish ishlari jadal amalga oshirib borilmoqda. Xususan, suv toshqinidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inida (25 ta aholi punkti) 4351 ta xonadon zarar ko‘rgan. Bunda, xonadonlardan 2570 tasi yaroqsiz va 1781 tasiga qisman zarar ko‘rgani aniqlangan.

Suv bosgan 25 ta aholi punktidan 13 tasi suvdan tozalangan, 20 ta aholi punkti va ularning hududlari chiqindilardan tozalandi. 4586 ta uy chiqindilardan tozalanib, suvdan tozalangan xonadonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlarga jami 16 787 nafar shaxsiy tarkib va 3 233 ta texnika jalb etilgan.

Jami talafot ko‘rgan ekin maydonlar 19,593 ming gektar tashkil etiladi. Bunda, 4080 ming ga ekin maydoni saqlanib qolinadi va 15,513 ming gektar maydon buzilib, uning o‘rniga paxta, poliz va sabzavot, mosh ekilishi rejalashtirilgan. Bu maydonlar buzilgandan so‘ng paxtaga ajratiladigan ekin maydonlari ikki baravardan ortiqroqqa kamaytiriladi (7,623 ming gektardan 3,260 ming gektargacha). Talafot ko‘rgan ekin maydonlardan 5,361 ming gektari Sardoba tumaniga, 8,723 ming gektari Oq Oltin tumaniga va 5,509 ming gektari Mirzaobod tumaniga to‘g‘ri keladi.

Hozirning o‘zida ekish imkoniyati mavjud maydonlarga 1 mln. dona sabzavot ko‘chatlarini ekish ishlari boshlandi va 80 ga tomorqa maydonlari ekildi.

Shuningdek, aholining jami 10860 ta hujjati yo‘qotilgan. Jumladan, 3970 ta fuqarolik pasporti va 2840 ta tug‘ilganlik haqida guvohnoma. Bugungi kunga qadar, jami 834 nafar fuqaroning biometrik pasportlari, 574 ta tug‘ilganlik va 4 ta o‘lim haqidagi, 220 ta nikoh guvohnomalari tiklandi.

Bundan tashqari, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 31 719 ta uy hayvoni yo‘qolgani aniqlangan. Shundan 13685 ta yirik va mayda shohli qoramollar, otlar, 17 752 ta parranda va 282 ta boshqalardir. Ayni vaqtga qadar tirik holda topilgan 5160 ta yirik va mayda shohli qoramollar, otlardan 5143 tasi o‘z egalariga qaytarildi va egasi aniqlanmagan 17 tasi saqlovga olindi.

Shuningdek, mazkur hududlarda jami 34 ta ijtimoiy soha ob’yekti, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 6 ta profilaktika inspektorlarining xizmat uylari qisman va to‘liq darajada talofat ko‘rgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, 10 ta mahallada jami 282 ta tadbirkorlik sub’yektining 143 ta mulki zarar ko‘rgan (53 ta yuridik va 90 ta yakka tartibdagi tadbirkor).

Hozirda ushbu ob’yektlarda ko‘rilgan zararlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Yuqorida aytib o‘tilgan masjidlar va qabristonlarda hududni suvdan tozalash, sanitariya va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmoqda, ularning zarar yetgan mol-mulk mulklarning sug‘urtalanganligiga Moliya vazirligi huzuridagi sug‘urta agentligi bilan hamkorlikda aniqlik kiritilmoqda hamda mustaqil baholovchi tashkiloti tomonidan zarar yetgan ob’yektlarni baholash ishlari olib borilmoqda.

Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish maqsadida davlat byudjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar quyidagicha taqsimlanishi ko‘zda tutilgan:

  • Yo‘llar va ko‘priklar qurishga — 390 mlrd so‘m;
  • Ichimlik suvi tarmoqlarini qayta ta’minlashga — 163 mlrd so‘m;
  • Xonadonlarni ta’mirlash va yangi uy-joylar massivini barpo etishga — 123 mlrd so‘m;
  • Irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlariga — 100 mlrd so‘m;
  • Ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash va barpo etishga — 85 mlrd so‘m;
  • Elektr tarmoqlar tizimini tiklashga — 68 mlrd so‘m;
  • Tabiiy gaz tarmoqlarini tiklashga — 22 mlrd so‘m;
  • Aloqa va kommunikatsiya tizimlarini qayta tiklashga — 13 mlrd so‘m;
  • Aholi hujjatlarini tiklashga — 1 mlrd so‘m.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar