Pandemiya va iqtisod: Qaysi sohalarda “qulash” kuzatiladi?

Pandemiya va iqtisod: Qaysi sohalarda “qulash” kuzatiladi?

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollik o‘rtacha 4,7 foizga qisqaradi. Ushbu mintaqalarda kuzatilayotgan iqtisodiy retsessiyaning ko‘lami va “chuqurligi” jahon moliyaviy inqirozi davridagi bilan deyarli bir xil. COVID-19 pandemiyasi oqibatida va koronavirusga qarshi kurashda joriy qilingan karantin choralari ushbu mintaqalar mamlakatlari iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga bo‘lgan ichki talabning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi. Bularning ta’siri xom ashyo tovarlari narxining keskin pasayishi, turizm sohasining inqirozi, mehnat muhojirlaridan keladigan pul o‘tkazmalarining kamayishi, eksport hajmining qisqarishi, shuningdek, mahsulot yetkazib berish zanjirida uzilishlar tufayli yanada kuchaymoqda. UzAnalytics. com sayti bu haqda ma’lumotlarni keltirib o‘tgan.

Jahon banki ekspertlarining fikricha, iqtisodiy o‘sish 2021 yilda tiklanadi. Bunga jahon bozorida xom ashyo tovarlari narxlarining hamda global savdo-sotiq zanjirlarining bosqichma-bosqich tiklanishi, mamlakatlar iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga bo‘lgan ichki talabning oshishi yordam beradi. Biroq bu prognozning amalga oshishida bir qator omillaring salbiy ta’siri yuqori darajada bo‘lib qolmoqda. Bular koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini, moliyalashtirish va investitsiyalarda tushkunlik kayfiyatining kutilganidan ko‘ra uzoqroq davom etishi, shuningdek, pul o‘tkazmalari hajmini keskin qisqarishi tufayli iqtisodiy retsessiyaning kutilmagan darajada kuchayishi kabi omillarni qamrab oladi.

Joriy yilning iyun oyi boshida Jahon banki guruhi “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” tahliliy tadqiqotini e’lon qildi, oradan bir hafta o‘tib, uning to‘liq matni chop etildi. Bunda pandemiya sharoitida global iqtisodiyot hamda dunyo mintaqalari va mamlakatlari iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollariga oid prognozlar e’lon qilingan. Quyida ushbu hisobotning Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqalariga bag‘ishlangan qismi sharhini e’tiboringizga havola qilamiz.

Joriy vaziyat

Dunyo miqyosida xom ashyo tovarlari narxi keskin tushib ketgani, mamlakatlararo savdo-sotiq hajmini sezilarli darajada kamayishi, mahsulot yetkazib berish global va hududiy zanjirlaridagi uzilishlar, shuningdek, moliya bozorlarida kuzatilayotgan inqiroz tufayli COVID-19 pandemiyasi Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mamlakatlar iqtisodiyotida tovar va xizmatlarga ichki talabning pasayib ketishi nafaqat chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida, balki investitsiyalar hajmining kamayib ketganida ham aks etdi. Sababi, pandemiya va u bilan bog‘liq karantin cheklovlari umumiy iste’mol hajmini kamaytirib, investitsion faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari markaziy banklarining taxminan uchdan ikki qismi aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar ajratib, iqtisodiy inqirozga qarshi bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishdi. Ayrim mamlakatlar markaziy banklariga milliy valyuta kursini barqarorlashtirish va uning keskin tarzda qadrsizlanishini oldini olish uchun (masalan Qozog‘istonda) valyuta bozorlarida bevosita intervensiyalar o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Boshqa mamlakatlarda, masalan, Rossiya va Ozarbayjonda ushbu maqsadda maxsus milliy jamg‘arma mablag‘laridan foydalanildi. Markaziy Osiyo va Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida milliy valyutalarning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi inflyasiyaning o‘sishiga hamda markaziy banklarning qayta moliyalashtirish stavkasini yanada pasaytirish imkoniyatini cheklanishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, inflyasiya darajasi maqsadli ko‘rsatkichga yaqin yoki pandemiya davrida undan oshib ulgurgan mamlakatlarda.

Yuqorida qayd etilgan mintaqalarning aksariyat mamlakatlarida cheklangan imkoniyatlarga qaramay, hukumatlar sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, aholi va hususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda moliya bozorini barqarorlashtirish uchun mavjud resurs va zahiralardan foydalandilar. Yevropa va Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlarida pandemiya va uning iqtisodiy-ijtimoiy oqibatlariga qarshi chora-tadbirlar to‘plami e’lon qilindi.

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti istiqbollari

Jahon banki ekspertlari joriy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti o‘rtacha 4,7 foizga qisqarishini prognoz qilishmoqda, ularning qariyb barchasida retsessiya kutilmoqda. Ushbu prognoz mazkur mintaqalar davlatlarida joriy qilingan karantin choralarini 2020 yilning ikkinchi yarmi boshlarida bosqichma-bosqich bekor qilinishini ko‘zda tutadi. Kelgusi 2021 yilda pandemiyaning iqtisodiyotga ta’siri tobora kamayib, savdo-sotiq va investitsiyalarni sekin-asta tiklanishi natijasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 3,6 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Turizm COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etilgan keng ko‘lamli cheklov choralaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohadir. Bu cheklovlarning bosqichma-bosqich bekor qilinishiga qaramay joriy yil yoz mavsumining ko‘p qismi turizm sohasi uchun qo‘ldan boy berilgan ko‘rinadi. Chunki, bir tomondan, potensial sayohatchilar koronavirusni yuqtirishdan o‘zlarini ehtiyotlasalar, ikkinchi tomondan, pandemiya davrida ish o‘rinlari qisqargani sabab sayohat qilish uchun ularning mablag‘lari ham yetarli emas. Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, 2020 yilda jahon miqyosida turistlar soni 60 foizdan 80 foizgacha qisqaradi. Taqqoslash uchun, 2009 yilgi moliyaviy inqiroz davrida bu ko‘rsatkich atigi 4 foizni tashkil qilgan edi. YaIMning salmoqli qismi turizm sohasiga to‘g‘ri keladigan Gruziya va Turkiya kabi mamlakatlar iqtisodiyotida pandemiyaning salbiy ta’siri ko‘proq seziladi. Turizm sohasining odatda sekin tiklanishini hisobga olganda, pandemiyaning oqibatlari bu sohada 2021 yilda ham sezilarli daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotida xom ashyo eksporti salmoqli rol o‘ynaydigan davlatlarga kelsak, joriy yilda bu resurslarning kutilayotgan past narxlari ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Neft narxining keskin tushib ketgani, prognozlarga ko‘ra joriy yilda uning past darajada saqlanib qolishi va OPEKning neft qazib olish hajmini kamaytirishi kabi omillar Qozog‘iston va Rossiya davlatlari iqtisodiyotiga 2020 yilda katta ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda ushbu mamlakatlarda soliq va byudjet pozitsiyalari sezilarli xavf ostida qolishi mumkin. Biroq, jahon bozorida oltinning yuqori va tobora o‘sib borayotgan narxi ushbu qimmatbaho metallning dunyoda yirik eksportchilari hisoblanadigan O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyoti uchun ijobiy omildir.

2020 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 1,7 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Jahon banki hisobotida bunga asosiy omillar sifatida Xitoy, Rossiya va Yevrohudud bilan savdo-sotiq hajmining qisqarishi, xom ashyo tovarlari eksportidan tushadigan daromadlarning pasayishi hamda mehnat muhojirlaridan keladigan pul o‘tkazmalarining keskin kamayishi kabilar keltirilgan.

Risklar

Jahon banki mutaxassislarining fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlarining iqtisodiy o‘sish istiqbollarida risklar (noaniqliklar) yuqori darajada. Sababi, pandemiyaning iqtisodiy faollikka ta’siri taxmin qilinayotganidan (prognozdan ko‘ra) ancha jiddiy bo‘lishi mumkin. Masalan, davlatlar bo‘ylab joriy qilingan karantin choralarining uzaytirilishi, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanmasligi yoki yanada yomonlashishi bu mamlakatlar iqtisodiyotini mushkul ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Pandemiya shuningdek, o‘rtamuddatli risklarni vujudga keltiradi, buni ayniqsa, qo‘shimcha qiymat yaratish zanjiridagi global aloqalarni yo‘qotish holatlarida ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, pandemiya tufayli o‘quv muassasalarining uzoq muddatga yopilishi kabi choralar ham ta’lim darajasi va inson kapitali rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Dunyoda investitsion faollikni uzoq muddatga past darajada saqlanib qolinishi Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari iqtisodiyoti uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Pandemiyaning davomiyligiga bog‘liq ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2020 yilda keskin qisqarishi mumkin. Joriy yilning boshidanoq investitsion faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda, koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning yanada yomonlashishi investitsiyalar hajmining keskin kamayish ehtimolini kuchaytiradi.

Mehnat muhojirlaridan keladigan pul o‘tkazmalarining keskin qisqarishi ham Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlarida iqtisodiy retsessiyani yanada kuchaytirishi mumkin. Joriy yilda ushbu davlatlarga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmini ancha kamayishi kutilmoqda. Pandemiyaga qarshi kurashda joriy qilingan karantin va cheklov choralari mehnat muhojirlarini doimiy va vaqtincha ishlarga qabul qiladigan mamlakatlarda ish o‘rinlari sonini qisqarishiga olib keldi. Mehnat muhojirlaridan keladigan pul o‘tkazmalari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘p mamlakatlarida aholi uchun muhim daromad manbai hisoblanadi, pul o‘tkazmalari hajmi bu hududlarda mintaqa YaIMning deyarli 10 foizini tashkil qiladi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning ayrim mamlakatlarida pul o‘tkazmalari hajmi YaIMning 30 foiziga teng.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar