O‘zbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda

O‘zbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz ko‘rsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qo‘shma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoanjuman tarzida yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda joriy yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani ta’kidlandi. Ayni paytda eksport faoliyatiga 950 ta yangi korxona jalb etildi, xorijga yangi 85 ta nomdagi mahsulot yetkazib berish o‘zlashtirildi, shuningdek, qo‘shimcha 4 ta davlat bozoriga chiqildi.

Jahondagi iqtisodiy vaziyatning beqarorligi hamda global bozordagi talab va taklifning pasayishini e’tiborga olib, joriy yilning ikkinchi yarmida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Respublika komissiyasiga pandemiya oqibatidagi tashqi omillar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari muttasil oshib bormoqda, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xarita”lari doirasida turli tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda amaldagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda investitsion hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar