Orolbo‘yi aholisining ichimlik suvi, elektr energiyasi va yana bir qancha muammolari yechim topdi

Orolbo‘yi aholisining ichimlik suvi, elektr energiyasi va yana bir qancha muammolari yechim topdi

Orolbo‘yining janubiy nuqtasi – Beruniy tumanidan boshlangan muloqotlar Mo‘ynoq, Sho‘manay va Kegeyli tumanlarida davom etdi. Karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda tashkil etilgan ommaviy qabullarda Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari hamda barcha tizimdagi rahbarlar xalq dardini yuragi bilan eshitdi, joyiga chiqib ko‘zi bilan ko‘rdi, ularni hal qilish uchun kuch-imkoniyatlarni ishga soldi.

To‘rt kun davom etgan ommaviy qabullarda 1233 nafar fuqaroning 1258 murojaati tinglandi. Shundan 567 murojaat joyida ijobiy hal etildi. 213 nafar murojaat egasiga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, 478 ta murojaat ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, nazoratga olindi.

Qabullarda tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni hal qilishga alohida e’tibor qaratildi. Deylik, Kegeyli tumanidagi “Jayhun Kegeyli” tikuv sexi turli muammolar girdobida qolib faoliyatini to‘xtatgan edi. Tadbirkor Ario‘xan Qayipbergenovaning murojaatidan so‘ng Bosh prokuratura mas’ullari bu muammoga yechim topdi.

Maktabgacha ta’lim vazirligiga 66 nafar fuqarodan murojat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 50 tasiga joyida yechim topildi. Amudaryolik tadbirkor Rasul Ametov tumanda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini qurish uchun subsidiya so‘rab murojaat qildi. Maktabgacha ta’lim vazirligi rahbarlari bu masalani joyiga chiqib o‘rgangach, tadbirkorga qurilish uchun subsidiya ajratiladigan bo‘ldi. Kegeylilik Muhabbat Qalimbetova va Nukuslik Mero‘ert Yermashevaning o‘z uyida oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil qilish bo‘yicha murojatlari ham shu ommaviy qabulda ijobiy hal bo‘ldi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vakillari tomonidan ko‘rib chiqilgan 120 dan ziyod murojaatning 64 tasi joyida ijobiy hal etildi. Shular qatorida ishlab oilasiga daromad kiritish niyatidagi xotin-qizlarning 15 nafariga tikuv mashinalari, 13 nafariga non pechi topshirildi. Sho‘manaylik Amangul Mirzambetovaning 16 yil oldin turmush o‘rtog‘i vafot etgach, 4 farzand tashvishi ayolning zimmasida qoldi. Doimiy ish topa olmay sarson yurgan bu ayolga endi o‘z uyida tikish-bichish bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratildi.

Ommaviy qabulda Ichki ishlar vazirligi mas’ullari 86 ta masalaning 33 tasiga, Oliy sud rahbarlari va sudyalari esa 190 ta masalaning 82 tasiga joyida yechim topishga erishdi.

Qabul jarayonida elektr energiyasi bilan bog‘liq 28 ta murojaat ko‘rib chiqildi, ularning 53 foizi joyida hal qilib berildi. Buning natijasida qisqa vaqt ichida 3 ta transformator, 2.1 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Sho‘manay tumani “Bekjap” ovul fuqarolar yig‘inidagi transformator eskirgani bois aholi elektr energiyasi ta’minoti masalasida ancha qiynalib qolgan edi. Aholi murojaatidan so‘ng bu ovulga yangi transformator o‘rnatib berildi.

Ommaviy qabullarda Orolbo‘yidagi eng o‘tkir muammo – ichimlik suvi masalasida ham qator murojaatlar kelib tushdi. Chimboylik Zao‘resh Yeshbayeva o‘zi yashayotgan Qorako‘l mahallasini barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasida murojaat qildi. Endi bu yerga yangi suv tarmog‘i tortib beriladigan bo‘ldi.

Sho‘manay tumani Dehqonobod mahallasi Qandekli qishlog‘idan Amanjol Yoqubovning murojaati ham ovul odamlarining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan bo‘ldi. Ya’ni u yerga yangi suv taqsimlash stansiyasi qurib beriladi. Hududda 82 xonadonda 619 nafar kishi yashaydi. Yangi stansiya barpo etilishi va investitsiya dasturi asosida 3,5 kilometrlik tarmoq tortilishi shuncha odamning hayotiga yangi sifat olib kiradi.

Ommaviy qabullar jarayonida ish masalasida murojaat qilgan 102 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilib, ularni amaliy hal etish choralari ko‘rildi. Mo‘ynoqlik Indira Ibadullayeva kollejni tamomlagach o‘ziga mos ish topa olmay ishsiz yurgan ekan. Murojaatidan so‘ng esa unga tumandagi maktablarning biridan madaniyat va san’at to‘garagi tashkil qilib berildi. Yoxud Shumanay tumanida yashovchi Karamaddin Joldasov 3 yil deganda tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga ishga qabul qilindi. Janibek Tayekeyev esa “Hududgaz ta’minot” AJ boshqaruvi mas’ullariga murojaatidan keyin payvandchi bo‘lib ishga joylashdi.

Ommaviy qabullarda Orolbo‘yi aholisining ana shunday katta-kichik muammolari ich-ichidan o‘rganilib, ularni imkon qadar shu joyning o‘zida hal etishga harakat qilindi. Ijrosi katta mablag‘ va muayyan vat talab etadigan masalalar ro‘yxati har bir tuman-shahar kesimida shakllantirilib, respublika darajasida hal etiladigan muammolar yechimi bo‘yicha vazifalar belgilandi, tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar