MAGATE O‘zbekiston uchun to‘rtta loyihani tasdiqladi

MAGATE O‘zbekiston uchun to‘rtta loyihani tasdiqladi

O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanishning milliy siyosatini va strategik yo‘nalishlarini tayyorlash hamda amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan “O‘zatom” agentligi Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (MAGATE) Boshqaruv Kengashi tomonidan to‘rtta loyiha tasdiqlaganini e’lon qiladi.

Kelishuv O‘zbekiston va MAGATE o‘rtasidagi Texnik hamkorlik dasturi (keyingi o‘rinlarda "Dastur" deb yuritiladi) doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, ular texnik imkoniyatlarni va inson resurslarini oshirish, yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, O‘zbekistonda atom energiyasidan tinch foydalanish sharoitida yadro/radiatsion xavfsizlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonda loyiha ijrochilari quyidagilar hisoblanadi:

• «O‘zatom»;

• Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;

• Yadro fizikasi instituti;

• O‘zbekiston milliy universiteti;

• Samarqand davlat universiteti;

• Toshkent shahar onkologiya dispanseri.

Dastur O‘zbekistondagi yadroviy ob’yektlarni ekspluatatsiya qilishda yadroviy va radiatsion xavfsizlikni kuchaytirish, tibbiyotda va iqtisodiyotning boshqa sohalarida zamonaviy yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, yadro energetikasi to‘g‘risidagi bilimlarni tarqatishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston 2019 yil davomida Atom energiyasi dasturini amalga oshirish bo‘yicha MAGATE bilan yaqindan ish olib bordi va erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning yadro energetikasini muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro organ bilan aloqalarini chuqurlashtirish va mustahkamlashga imkon berdi.

“O‘zatom” me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish borasida MAGATE bilan yanada yaqin hamkorlik qilishga umid qilmoqda. “O‘zatom” boshqaruv organi qanchalik kuchli bo‘lsa, dastur shunchalik xavfsiz va muvaffaqiyatli bo‘ladi deb hisoblaydi.

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari va “O‘zatom” agentligi Bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov bu haqda shunday dedi:

“Biz o‘z yadro energetika dasturimizni amalga oshirish yo‘lida MAGATE bilan yonma-yon bormoqdamiz. Eng yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlash bilan birga O‘zbekistondagi yadro energetikasi va yadro texnologiyalari sohasidagi bilimlarni takomillashtirish bizning ustuvor vazifalarimizdir.

Biz erishilgan kelishuvlar uchun MAGATEdan juda minnatdormiz va bizni qo‘llab-quvvatlagani hamda hamkorlik qilayotgani uchun minnatdormiz. Biz keyingi tavsiyalar va ruxsatlarni olishga umid qilamiz”.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar