Talabalar biznes rejalarini amalga oshiruvchi biznes inkubator ishga tushdi

Talabalar biznes rejalarini amalga oshiruvchi biznes inkubator ishga tushdi

15 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida "Young Entrepreneurs Generator" ("YE Generator") nomli biznes-inkubator o‘z faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan uning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda xorijlik professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etdi

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Innovatsion rivojlanish, Moliya vazirliklari, Islom taraqqiyot banki, Savdo-sanoat palatasi mutasaddi xodimlari, MDH Innovatsiyalarni tijoratlashtirish markazi, Qozog‘iston innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish fondi vakillari, tadbirkorlar, Avstriya, Germaniya, Yaponiya va Rossiya professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

"YE Generator"dan birinchi navbatda TDIU talabalari foydalanadi

"YE Generator"ning e’tibori birinchi navbatda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalariga qaratiladi, ammo keyinchalik biznes-inkubatorda o‘z ishini boshlamoqchi bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Talabalar o‘z g‘oyalarini amalga oshiradi

Dastlabki bosqichda talabalarning g‘oyalaridan tayyor biznes-reja shakllantiriladi. O‘qitish, mentorlik orqali va malakali mutaxassislarning ko‘magida yoshlar o‘z loyihalarini ro‘yobga chiqara boshlaydilar.

Yakunlangan biznes reja uchun sarmoya ajratiladi

Biznes-inkubatorda mamlakatimiz va chet elda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan doimiy uchrashuvlar tashkil qilinadi. Yakunlangan va bozorga chiqish uchun tayyor bo‘lgan biznes loyihalar mahalliy hamda xorijiy investorlarga namoyish etiladi va sarmoya jalb qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar