O‘zbekiston eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda: Transport xarajatlarining 50% davlat tomonidan qoplab beriladi

O‘zbekiston eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda: Transport xarajatlarining 50% davlat tomonidan qoplab beriladi

Endi qishloq xo‘jaligi, kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlarini xorijga avtomobil va havo transporti orqali eksport qilinganda ham transport xarajatlarining 50 foizgacha qismini davlat byudjetidan qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Bu haqda 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Tartib joriy yilning 1 aprelidan boshlab amalga oshirilgan eksport uchun amal qila boshlaydi.

Prezident qarori bilan eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Shu vaqtgacha amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, mahsulot faqatgina temir yo‘l transporti orqali chegaradosh bo‘lmagan davlatlarga eksport qilinganda xarajatlarning 50 foizgacha qismini qoplash uchun subsidiya to‘lash belgilangan edi.

Endi bunday subsidiya to‘lash tartibi joriy yilning 1 aprelidan boshlab avtomobil va havo transporti orqali eksport qilinganda ham tatbiq etilmoqda.

Mahsulotlar eksport qilinganda transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplash uchun subsidiya beriladigan mahsulotlar ro‘yxati qayta tasdiqlanmoqda.

Bunda ro‘yxatga:

  • 32 turdagi ho‘l-meva, poliz ekinlari, sabzavotlar hamda quritilgan, muzlatilgan va konservalangan mevalar kiritilmoqda. (bu mahsulotlar eksporti jami meva-sabzavotlar eksportining 71 foizini (1,2 mlrd dollar) tashkil etadi);
  • 2 turdagi yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (trikotaj mato va ip gazlama) kiritilmoqda (bunda transport xarajatlari uchun subsidiya to‘lash tizimi trikotaj mato bo‘yicha 2021 yil yakuniga qadar** amalda bo‘ladi);
  • kiyim (TIF TN bo‘yicha 61-tovar guruhi) va kiyimga tegishli bo‘lgan (TIF TN bo‘yicha 62-tovar guruhi) hamda boshqa to‘qimachilik mahsulotlari (TIF TN bo‘yicha 63-tovar guruhi) guruhiga tegishli bo‘lgan tikuv-trikotaj mahsulotlarining ro‘yxati unifikatsiya qilish orqali kengaytirilmoqda.

Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish maqsadida 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab 1 tonna trikotaj matoni eksport qilish uchun 50 dollar (2023 yildan – 100 dollar; 2025 yildan – 200 dollar) miqdorida yig‘im undirilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlariga transport xarajatlari uchun subsidiya to‘lash tizimi faqatgina koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida amal qilishi belgilanmoqda.

Respublika eksport komissiyasiga (rahbari — bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov) quyidagi vakolatlar berilmoqda:

  • subsidiyalar taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash hamda tartibini tasdiqlash;
  • transport xarajatlari uchun subsidiyalar to‘lanadigan mahsulotlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
  • mahsulot turi, hajmi va eksport yo‘nalishiga qarab subsidiyalarning qat’iy miqdorlarini belgilash.

Ro‘yxatdagi mahsulotlar O‘zbekistongga chegaradosh bo‘lgan Afg‘oniston Respublikasiga eksport qilinganda ham transport xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lanishi belgilanmoqda. Shu vaqtgacha chegaradosh (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston) davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha transport xarajatlari uchun subsidiya taqdim etilmasdi.

Eksportoldi moliyalashtirish kreditlarini olishda garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanilganda sug‘urta mukofotini qoplashga Eksportni rag‘batlantirish agentligi orqali kompensatsiyalar taqdim etish tizimi joriy etilmoqda.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvarga qadar bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar