O‘zbekistonda elektron hujjat qabul qilindi

O‘zbekistonda elektron hujjat qabul qilindi

O‘zbekiston tarixida ilk elektron hujjat qabul qilindi va Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Mazkur hujjat sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga retsept yozishda dori vositalarining savdo nomini emas, balki uning tarkibidagi ta’sir qiluvchi moddalarni yozish talab etiladi. Bu esa fuqarolarga tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini o‘zlarining xohishiga asosan sotib olishlariga imkoniyat yaratadi, shuningdek, tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlari, tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi noqonuniy kelishuvlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Elektron tizimning joriy etilishi bir qator qulaylik va yengilliklar yaratadi:

– Adliya vazirligiga kiritilayotgan hujjat qog‘oz shaklida berilmaydi

va muhr bilan tasdiqlanmaydi;

– vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun elektron raqamli imzodan foydalaniladi;

– hujjatlar bir vaqtning o‘zida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi;

– hujjatlarni qabul qilish uchun alohida adliya vazirining buyrug‘i qabul qilinmaydi, ular unikal raqam berilgan holda elektron davlat reyestriga kiritiladi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;

– davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hujjatlar avtomatik ravishda Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) chop etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning elektron tizimiga o‘tish «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida qog‘ozsiz hujjat almashinuvini kengaytirish, byurokratiyani qisqartirish, bu sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish va me’yoriy hujjatlar qabul qilish jarayonini shaffof hamda tez amalga oshirishga xizmat qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar