Ommaviy qabul: qator muammolarning yillab hal bo‘lmayotganligi odamlarda jiddiy norozilik tug‘dirmoqda

Ommaviy qabul: qator muammolarning yillab hal bo‘lmayotganligi odamlarda jiddiy norozilik tug‘dirmoqda

Jizzax viloyatida aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rish maqsadida Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ommaviy qabullar tashkil etildi.

Ommaviy qabullarda 917 nafar fuqaro 983 ta masala bo‘yicha murojaat qildi. Murojaatlarning 368 tasi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan 547 tasining ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi, 47 tasiga huquqiy maslahat, 21 tasi bo‘yicha joyida tushuntirish berildi.

Murojaatlarda eng ko‘p – 174 ta masala sud huquq sohasiga oid bo‘ldi. Shuningdek, murojaatlarning 120 tasini uy-joy bilan ta’minlash, 92 tasini prokuratura, 70 tasini sog‘liqni saqlash, 43 tasini bank krediti hamda 41 tasini ichimlik suvi va oqova suvi masalalari tashkil etdi.

Biroq yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarning barchasini bir kunda yoki bir martalik qabullar davomida hal etib bo‘lmasligi aniq. Ommaviy qabullar davomida yechimi katta investitsiya, ko‘p mablag‘, vaqt talab etadigan muammolar ham anchagina ekanligi aniqlandi.

Jumladan, G‘allaorol tumani, Sangzor daryosining Oqtom mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi qismida 7 mingga yaqin aholi foydalanayotgan ko‘prikni ta’mirlash uchun respublika byudjetidan 2,7 milliard so‘m mablag‘ ajratish so‘raldi.

Zomin tumanida bahor oylarida sel oqimlari kelishi oqibatida buzilib, foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelgan Achchi qishlog‘idagi 23 kilometr ichimlik suv tarmoqlari ta’mirlash uchun 1,7 milliard so‘m, «Yuksalish» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2 ta ko‘prikni qurish uchun 2 milliard so‘m talab etiladi. Shuningdek, Zomin tumanining bir qator hududlarida 2020 yil 29 apreldan 18 mayga qadar vaqti-vaqti bilan kuchli shamol, do‘l va sel oqimlari kelishi oqibatida jiddiy zarar yetgan 19 ta qishloqdagi uy va yordamchi xo‘jalik binolari, 23 kilometr ichimlik suv tarmog‘i, 4 ta ko‘prik ta’mirlanmasdan qolmoqda.

Paxtakor tumani Yorqin shaharchasi va Birlik qishlog‘iga ichimlik suvi quvurlarini yangilash, Suvonobod mahallasidagi 15-sonli umumta’lim maktabi binosini kengaytirish, Yangiobod tumanidagi 14-maktabning isitish tizimini ta’mirlash hamda yangi sport zali qurish ishlari anchagina mablag‘ talab etadi. Forish tumanida gaz to‘ldirish shoxobchasi qurib, belgilangan gaz limitini ko‘paytirish, Do‘stlik tumani Qahramon qishlog‘idagi 13-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi binosini rekonstruksiya qilish uchun ham Respublikaning tegishli vazirlik va idoralaridan amaliy yordam kerak.

Afsuski, respublika idoralarining ko‘magisiz hal etilishi qiyin bo‘lgan masalalar shulardangina iborat emas. Zarbdor tumanidagi «Taraqqiyot» 190 o‘rinli 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi va «Toza urug‘» MFYda 170 o‘rinli 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurishga ehtiyoj mavjud bo‘lsada, investitsiya dasturlariga kiritilmasdan qolgan.

Bundan tashqari, «Sardoba» suv omboriga texnogen halokat oqibatida viloyatda g‘o‘za maydonlarini sug‘orishda muammolar vujudga keldi. Mavsumda qishloq xo‘jalik ekinlarini uzluksiz suv bilan ta’minlash uchun viloyat bo‘yicha 9,2 milliard so‘mlik 214 dona nasos agregatlariga ehtiyoj mavjud.

«Obod markaz» dasturi doirasida tuman markazlarini qaytadan qurishda yuzaga kelayotgan muammolar ko‘lami esa ayniqsa katta. Bu yo‘nalishda bundan 60-70 yil ilgari qurilgan barak tipidagi uylarning buzilishi bilan aholini uy bilan ta’minlash, yangi massivlarda injiner muhandislik infratizimini barpo etish, ayniqsa, kanalizatsiya tarmog‘i qurilishida jiddiy muammolar odamlarni qiynab kelayotir.

Masalan, 2019 yil «Obod markaz» loyihasi asosida Do‘stlik tumani Chinobod mahallasida barak uylar atrofidagi zaruriy ehtiyojdan kelib chiqib ruxsatsiz qurilgan hojatxona, hammom kabi qo‘shimcha binolar buzib tashlanib, ushbu inshootlarni mahalliy byudjet hisobidan zamon talablari asosidagi uylarni qurish belgilangan edi. Ammo mahalliy byudjetda mablag‘ yetishmasligi tufayli baraklarda fuqarolar qiyin sharoitlarda yashab kelmoqda. Avval ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marotaba ko‘tarilgan bu muammo bo‘yicha fuqarolar ommaviy qabulda yana murojaat qildi.

Shuningdek, tuman bo‘yicha ichimlik suvi quvurlarining 30 foizi – 175 kilometri va mavjud 6 ta suv uzatish inshootining barchasi yaroqsiz, ta’mirtalab holatda.

Arnasoy va Paxtakor tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarning oqova suv chiqarish (kanalizatsiya) tizimi ishlamaydi, ta’mirtalab, natijada ko‘pchilik uylarda aholi qo‘lbola rezina quvurlar orqali uy atrofiga chiqindi suvlarini chiqarib tashlagan. Buning oqibatida aholi turmush tarzida noqulayliklar yuzaga kelmoqda, yuqumli kasalliklar kelib chiqish xavfi mavjud. Bundan tashqari, Arnasoy tumanida ichimlik suvi yetishmasligi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ommaviy qabulga Zafarobod tumanining ayrim hududlarida mavjud drenajlarning ishlamasligi, Mirzacho‘l tumanidagi 1976 yilda qurilgan 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabini rekonstruksiya qilish, Gulzor qishlog‘i aholisini ichimlik suvi tarmog‘ini ta’mirlash Yangiobod tumani Sovot qishlog‘i aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlan kabi masalalar yuzasidan ham qilingan murojaatlarga muammo hududning o‘zida hal etilmayotgani sabab bo‘lmoqda.

Ommaviy qabuldagi murojaatlar tahlillaridan imtiyozli kreditlar banklar tomonidan asossiz ajratmaslik, hujjatlarda san-salorliklarga yo‘l qo‘yish yoki tanish-bilishchiliklarning avj olishi, qator muammolarning yillab hal bo‘lmasligi odamlarda jiddiy norozilik tug‘dirayotgani ko‘rinib turibdi. Qabul davomida viloyat aholisi uchun dolzarb bo‘lgan muammolar o‘rganib chiqilib, respublika darajasida hal etiladigan masalalarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlandi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar