Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F-5537-son farmoyishi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) qarorlariga muvofiq:
  • dunyoning barcha davlatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar to‘xtatilganligi;
  • xorijiydavlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, (respublikada doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bundan mustasno), shuningdek, yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarini (avtobus, yengil avtotransport va temir yo‘l transporti vositalari) O‘zbekiston Respublikasi hududiga barcha chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelishi to‘xtatilganligi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalar yoxud uy sharoitida karantinga olish talabi belgilanganligi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha ko‘ngilochar ob’yektlar, shu jumladan, tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati to‘xtatilganligi;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha turdagi ommaviy tadbirlar, shu jumladan bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, shuningdek, teatr, kino va konsert dasturlari hamda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishi (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) to‘xtatilganligi;
  • davlat oliy ta’lim muassasalarida, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, maktabdan tashqari va maktabgacha ta’lim muassasalarida hamda barcha nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonlari to‘xtatilganligi va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan boshqa bir qator choralar ko‘rilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi hududida 2020 yil 24 mart soat 00.01 dan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib (keyingi o‘rinlarda – Tartib) joriy etilsin:

  • koronavirus infeksiyasi asosan Toshkent shahri hududida aniqlanganligini inobatga olib va ushbu infeksiya respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga kirish (avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yo‘l transporti vositalari orqali) to‘xtatiladi, bundan ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkent shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlari hamda yuk tashish bilan bog‘liq hollarda Toshkent shahriga kirish va chiqishga ruxsat beriladi;
  • Toshkent shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi;
  • birinchi bosqichda Toshkent shahrida, keyinchalik bosqichma-bosqich Nukus shahri, viloyat va tuman markazlarida joylashgan barcha yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylarini tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi;
  • respublika hududiga xorijiy davlatlardan, shuningdek, Toshkent shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklarning majburiy ravishda dezinfeksiya qilinishi ta’minlanadi;
  • davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari vakillarini qabul qilish hamda ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar “onlayn” rejimga o‘tkaziladi;
  • fuqarolar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i va telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ikki oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko‘riladi.

Ushbu bandning beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

  • Milliy gvardiya va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda ushbu bandning uchinchi xatboshisida belgilangan talablarga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin;
  • Tartibning amal qilish davrida, zaruratga ko‘ra, qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlar tashkil etish choralarini ko‘rsin.

3. Tartibning amal qilish davrida quyidagilar o‘rnatilsin:

a) koronavirus infeksiyasi aniqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xorijiy fuqarolar, shu jumladan 2020 yil yanvar-mart oylarida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan hududlarda bo‘lib, O‘zbekiston hududiga kirib kelgan shaxslar:

  • Komissiya qarorlariga, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va epidemiyaga qarshi kurashishga jalb etilgan boshqa davlat tashkilotlarining qonuniy talablariga rioya etishga;
  • O‘zbekistonga qaytib kelganligi, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan hududlarda bo‘lgan vaqti va joyi to‘g‘risida zudlik bilan sog‘liqni saqlash organlariga ma’lumot berishga;
  • o‘zida kasallik alomatlari vujudga kelganda kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va harakatlanish yo‘nalishlari haqida zudlik bilan sog‘liqni saqlash organlariga ma’lumot berishga;
  • 14 kun davomida uyda yoki maxsus belgilangan joyda izolyasiya sharoitida bo‘lishga;
  • sanitariya va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalari va izolyasiya rejimida bo‘lishga oid talablarga qat’iy rioya etish, shu jumladan tibbiy himoya vositalarini qo‘llash va jamiyatda bir-birlari orasida masofani saqlashga;
  • sog‘liqni saqlash organlari tomonidan tayinlanadigan tibbiy tekshiruv va davolanishdan o‘tishga majburdirlar;
b) davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan izolyasiya qilinishi lozimligi haqida talab qo‘yilgan shaxslar bilan birga yashovchi shaxslar ham 14 kun davomida yoki davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilab berilgan muddat davomida uyda yoki maxsus belgilangan joyda izolyasiya sharoitida bo‘lishga majburdirlar;

v) koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki ushbu infeksiyani yuqtirganlikda gumon qilinib karantinga joylashtirilgan shaxslarga tegishli bo‘lgan mobil telefon, audio va video vositalar, bank kartalari hamda boshqa axborot tashuvchi buyumlar vaqtincha olib qo‘yiladi;

g) idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar rahbarlari (ish beruvchilar) quyidagilarga rioya etishlari shart:

  • tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo‘llagan holda kiritish tartibini majburiy joriy etish;
  • ish joylarida xodimlarning tana haroratini o‘lchash va tana harorati yuqori bo‘lgan xodimlarni ish joyida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ushbu xodimlar to‘g‘risida sog‘liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar yetkazish;
  • davlat sanitariya nazorati organlarining talabnomasiga muvofiq koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodim bilan muloqotda bo‘lganlar haqida darhol ma’lumot berish, kasallangan shaxs bo‘lgan joylarni dezinfeksiyadan o‘tkazish choralarini ko‘rish;
  • xodimlarga izolyasiya rejimida bo‘lishga oid talablarga rioya etishda ko‘maklashish;

d) savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari yoki boshqa tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish yo‘li bilan dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanadi;

ye) Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.

4. Belgilansinki:

  • Komissiya mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq barcha masalalarni muvofiqlashtiradi va zarur hollarda qo‘shimcha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar ijrosini ta’minlaydi.

5. Koronavirus infeksiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • o‘n kun muddatda respublikada koronavirus infeksiyasining tarqalish darajasini tahlil qilgan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tuzilgan shartnoma asosida nodavlat tibbiyot tashkilotlarida ushbu infeksiya bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha takliflarni;
  • bir oy muddatda karantin guruhiga mansub bo‘lgan o‘ta xavfli va yuqumli kasalliklar infeksiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) o‘tkaziladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda bir kun muddatda to‘lovlarni amalga oshirishning masofaviy shakllarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqib amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi qabul qilingan qonun hujjatlari, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan tibbiyot sohasidagi yangi yondashuv hamda ixtirolar to‘g‘risida har kunlik ma’lumotni Komissiyaga taqdim etib borsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
bir hafta muddatda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligiga qarashli sanatoriy va boshqa sog‘lomlashtirish maskanlarida hamda davlat tasarrufidagi dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari, mehmonxonalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ta, viloyatlar va Toshkent shahrida 3 tadan 14 kunlik karantin tadbirlari uchun moslashtirilgan bazalar tashkil etilishi choralarini ko‘rsin;

karantinda saqlanayotgan shaxslarni bir-biridan ajratgan holda ular o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining maksimal oldini olish imkonini beruvchi maxsus karantin ob’yektlari qurilishini qisqa muddatlarda ta’minlasin.

10. Komissiyaga joriy etilgan Tartibning amal qilish davrida quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:

  • koronavirus infeksiyasi aholi o‘rtasida tarqalishini oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash;
  • huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlarining faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
  • birinchi navbatdagi dori vositalari, niqob va tibbiy buyumlarning (dezinfeksiya vositalari va boshqalar) aholiga qat’iy belgilangan narxlarda uzluksiz yetkazib berilishini nazorat qilish;
  • respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni muntazam tahlil qilish va vaziyat barqarorlashgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Tartibning amal qilishini tugatish yuzasidan taklif kiritish.

11. Komissiyaga uning zimmasiga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlar berilsin:

  • idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tekshirish hamda nazoratni olib borish;
  • alohida aholi punktlari va hududlarda karantin tadbirlari hamda karantin joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlardan hujjatlar talab qilish hamda ularning rahbarlarini koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar bajarilishi to‘g‘risidagi axborotlarini Komissiya majlislarida eshitish;
  • vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslarining aybi (harakati yoki harakatsizligi) bilan koronavirus infeksiyasi avj olishiga yo‘l qo‘yilganda, ularni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida yuqori turuvchi tashkilotlarga, shuningdek, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘rib chiqishi uchun kiritish.

12. Belgilansinki, Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

13. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Tartibning amal qilish davrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha:

  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, istisno tariqasida, bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar uchun “yashil” yo‘laklar tashkil qiladi va ushbu tovarlarga nisbatan bojxona bojlari undirilmaydi;
  • dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substansiyalar uchun, istisno tariqasida, tenderlar yoki tanlov savdolari o‘tkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Tartibning amal qilish davrida aholining real daramodlarini barqarorligini ta’minlash maqsadida ishchilarga oylik ish haqlari uzluksiz va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlab borsin hamda respublikadagi bandlik darajasini tushib ketmaslik bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki ushbu infeksiyani yuqtirganlikda gumon qilinib uy sharoitida karantinga joylashtirilgan shaxslar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinishi ustidan qat’iy va tizimli nazorat o‘rnatsin hamda karantin o‘tash davrida ushbu shaxslarni birinchi navbatdagi oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, niqob va tibbiy buyumlar (dezinfeksiya vositalari va boshqalar) bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya Tartibning amal qilish davrida jamoat tartibini saqlash choralarini kuchaytirsin.

17. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:

  • ushbu qarorning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘ida keng tushuntirilishini;
  • mas’ul vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat hamda joriy etilgan Tartib to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotlarni keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib borilishini ta’minlasin.

18. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.

O‘zbekiston Respublikasining

Bosh vaziri A. Aripov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar