Iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi o‘tgan haftaga nisbatan biroz oshdi

Iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi o‘tgan haftaga nisbatan biroz oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil 28 iyul holatiga ko‘ra, aholining iste’mol savatchasidagi oziq-ovqat narxlari indeksini ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: indeks go‘sht va sut mahsulotlari (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, sut, tuxum), sabzavotlar (piyoz, karam, pomidor, sabzi, bodring, kartoshka), mevalar (olma, nok), poliz mahsulotlari (tarvuz, qovun, qovoq, uzum), dukkakli ekinlar (no‘xat, loviya, mosh), guruch, un, makaron, sabzavot, sariyog‘ va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan holda hisoblandi.

Yagona indeksni tuzishda, mamlakat aholisining iste’mol odatlarini tavsiflovchi og‘irliklar qo‘llanildi (ya’ni, aholi o‘rtasida ushbu mahsulot qancha ko‘p iste’mol qilinsa, uning og‘irligi shuncha yuqori bo‘ladi).

Natijada quyidagilar aniqlandi:

2020 yil 28 iyul holatiga oziq-ovqat narxlari indeksi respublikada o‘tgan haftaga nisbatan +0.30% tashkil etdi.

Ma’lumot uchun: piyoz, sabzi olma, uzum, kartoshka, tuxum va baliq kabi mahsulotlar narxida o‘tgan xaftaga nisbatan o‘sish kuzatildi. Xususan, piyoz (1kg) narxi +3.46% ga oshib 1794 so‘mni tashkil etdi. Sabzining (1kg) o‘rtacha narxi +2.07% ga oshib, 2413 so‘mni tashkil etdi. Olmaning (1kg) o‘rtacha narxida ham +2.21% o‘sish qayd etilib, 9326 so‘mga teng bo‘ldi. Uzumning (1kg) o‘rtacha narxi respublikada 9825 so‘mni (+0.96% ga o‘sish) tashkil qildi. Kartoshka (1kg) va tuxum (10 dona) kabi mahsulotlar narxida o‘tgan haftaga nisbatan +0.74% o‘sish kuzatilib, mos ravishda 3824 va 8615 so‘mga teng bo‘ldi. Go‘sht mahsulotlaridan baliq narxi 1 kg uchun 22876 so‘mni (+0.77% o‘sish) tashkil qildi. Boshqa go‘sht mahsulotlarining narxida sezilarli o‘sish qayd etilmadi va mol go‘shti (1kg) 52551 so‘mga (+0.43% o‘sish), qo‘y go‘shti (1kg) 54498 so‘mga (+0.38% o‘sish) va parranda go‘shti (1kg) 21172 so‘mga (+0.12% o‘sish) teng bo‘ldi, (1-jadval).

1-jadval. 28 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi yoki pasayishi, (%)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari

Shuningdek, mavsumiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari keskin pasaygani kuzatildi.

Ma’lumot uchun: poliz ekinlari narxlari sezilarli tushib, qovun narxi o‘tgan haftaga nisbatan -9.38% pasaydi va respublika bo‘yicha 2820 so‘mni tashkil etdi. Qovoq narxi -9.31% pasaygan bo‘lib, 2935 so‘mni tashkil etdi. Tarvuz narxida -4.24% pasayish qayd etildi va 1489 so‘mga teng bo‘ldi. Pomidor va bodring narxlari mos ravishda 3323 so‘m va 2519 so‘mni tashkil etdi. Nokning o‘rtacha narxi -1.80% ga pasayib 14408 so‘mni tashkil etdi. Sut narxi 5371 so‘mni (-0.11%) tashkil etdi.

Shakar va loviya narxida deyarli o‘zgarishlar sezilmadi, (1-jadval).

Hududlar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksining pasayishi Xorazm (-0.54%), Jizzax (-0.45%), Surxandaryo (-0.11%), Farg‘ona (-0.06%) va Andijon (-0.02%) viloyatlarida kuzatildi.

Boshqa hududlarda narlar indeksining o‘sishi kuzatildi. Xususan, Namangan viloyatida narxlar indeksi +1.58% ni tashkil etdi. Bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat narlarining ushbu hududda oldingi haftaga nisbatan oshganinidan dalolat beradi. Xuddi shunday xulosani Toshkent shahri (+0.86%) va viloyatidagi (+0.42%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+0.72%) va Kashqadaryo (+0.36%) viloyatida oziq-ovqat narlarining indeksi bo‘yicha ta’kidlash mumkin.

Buxoro, Navoiy, Samarqand va Sirdaryo viloyatida oziq-ovqat narxlarining indeksi deyarli o‘zgarishsiz qoldi, bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat narxlarining oldingi haftaga nisbatan barqarorligidan dalolat beradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar