«Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ni moliyalashtirish uchun 25,0 mln dollar kredit ajratilmoqda

«Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ni moliyalashtirish uchun 25,0 mln dollar kredit ajratilmoqda

Joriy yilning 30 iyun kuni videokonferensaloqa shaklida «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals», Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) o‘rtasida umumiy qiymati 25,0 mln dollarga teng bo‘lgan kredit bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, XMKning Yevropa, Lotin Amerika va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti D.Beyker, YeTTBning ishlab chiqarish va xizmatlar departamenti direktori F.Lyusent, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari X.Mori, «Indorama Corporation» ijrochi direktori A.Loxiya va qatnashuvchi tomonlarning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

Teng ulushlarda ajratilgan XMK va YeTTB kredit mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlaridan foydalanmagan holda xorijiy investorga taqdim etiladi va «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJni zamonaviylashtirishda «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan: birinchi bosqichda issiqxona ekinlari uchun suvda eruvchan o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va superfosfat ishlab chiqarish hajmi yiliga 100 dan 350 ming tonnagacha oshiriladi. Ikkinchi bosqichda dikalsiy fosfat, kaliy sulfat va sulfat kislota kabi yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Marosimda iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish, korporativ sektorni rivojlantirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish va respublikaga investitsiyalarni jalb etishda XMK va YeTTB tomonidan muntazam qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan alohida minnatdorchilik bildirildi.

«Qo‘qon superfosfat zavodi»ni zamonaviylashtirish loyihasi davlat aktivlarini samarali va oshkora xususiylashtirish namunasi hamda O‘zbekistonda xorijiy investorning «success story»sining namoyishi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

XMK ushbu loyihani moliyalashtirishdan tashqari, «Indorama» kompaniyasiga o‘g‘itlarni tarqatish tizimini ishlab chiqish va tashkil qilishda maslahat ko‘magini beradi va fermerlarga yer sifatini boshqarish sohasida texnik yordam ko‘rsatadi.

XMK vitse-prezidenti D.Beykerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha mahalliy fermerlar ehtiyojlari qondirish va eksport qilish uchun yuqori sifatli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni oshiradigan innovatsion energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga O‘zbekistonning kimyo sektori va qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Biz O‘zbekistonga fermerlarning ish faoliyatini sezilarli darajada yaxshilay oladigan, ish o‘rinlari yarata oladigan, mamlakatda oziq – ovqat xavfsizligini oshiradigan va, umuman, mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilay oladigan «Indorama Corporation» kabi kompaniyalardan xususiy investitsiyalarni jalb etishda ko‘maklashishni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz», - dedi XMK vitse-prezidenti.

O‘z navbatida YeTTB departamenti direktori F.Lyusent bankning davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Respublikada bank kredit portfelini xususiy sektorga urg‘u bergan holda kengaytirish orqali O‘zbekistonga yanada ko‘mak berish niyati borligini aytdi.

Ma’lumot uchun: «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJ 1935 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya faoliyati Qizilqum fosforit kombinatining «Toshqura» koni fosforitlaridan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish edi. 2019 yilda zavodning 96% aksiyalari «Indorama Corporation» tomonidan sotib olindi.

«Indorama Corporation» - dunyoning 35 dan ortiq mamlakatlarida o‘g‘itlar, polimerlar, polimer xom ashyolari, to‘qimachilik, tolalar va tibbiy qo‘lqoplarni o‘z ichiga olgan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, 40 000 dan ortiq odam ishlaydigan sho‘’ba korxonalari va filiallariga ega bo‘lgan Osiyodagi kimyoviy sanoat sohasida yetakchi xoldinglardan biridir. Korxona Saxaraning janubida joylashgan Afrika mamlakatlarida eng yirik mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchisi, G‘arbiy Afrikadagi eng yirik poliolefin ishlab chiqaruvchisi va dunyoda uchinchi yirik sintetik qo‘lqop ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya paxta va sintetik iplarni integrallashgan ishlab chiqaruvchisi hamdir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar