COVID-19 dan keyingi hayot: Davlat va Jamiyat

COVID-19 dan keyingi hayot: Davlat va Jamiyat

Dunyo Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi eng jiddiy transformatsiyani boshdan kechirmoqda. AQShda mart oyining o‘rtasidan buyon 40 milliondan ortiq inson ishsiz qoldi.

Jahon Bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, shu yilning oxirigacha dunyo bo‘yicha 40 milliondan 60 milliongacha inson kuniga 1,90 AQSh dollaridan kamga topadigan ekstremal qashshoqlar safiga qo‘shilishi kutilmoqda. 2015 yil ko‘rsatgichlariga ko‘ra 734 million kishi, ya’ni dunyo aholisining deyarli 10 dan biri ushbu ekstremal qashshoqlik darajasida yashagan.

Insoniyatning bugungi holati Ajemo‘g‘lu va Robinson (A&R) ta’biri bilan "kritik lahza"ga (critical juncture) misol bo‘la oladi. (A&R ga ko‘ra, "kritik lahza" ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi siyosiy va iqtisodiy sohalardagi tub institutsional o‘zgarishlarga imkon beradigan, ammo bularni qaysi tarafga o‘zgartirishi noaniq bo‘lgan hodisadir.) Bunday kritik lahzalarda jamiyatlar ulardagi institutlar, kuch-qudrat strukturalari, siyosiy liderlar va boshqa omillarga bog‘liq ravishda bir-biridan tubdan farq qiluvchi trayektoriyalarga yo‘naladilar. Tarixiy va bugungi shart-sharoitlar iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy oqibatlari bir-biridan keskin farq qiladigan to‘rt xil ssenariyning mumkin ekanligini ko‘rsatadi.

  1. "Fojeali eski hammom, eski tos" (tragic business as usual) ssenariysi.

Bunda biz amalda rasvosi chiqqan siyosiy va iqtisodiy institutlarimizni isloh qilish yoki endemik (tup qo‘yib, palak yozgan) iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklar muammosini hal qilish uchun biror jiddiy harakat qilmaymiz. Bu holatda biz na turli qarorlar qabul qilishdagi maxsus bilim va tajriba hamda ilm-fanning rolini mustahkamlashning, na iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tizimlarimizning moslashuvchanligini oshirishning uddasidan chiqa olamiz. Agar liderlarimiz muammoning jiddiyligini tushunib yetishmasa yoki biz ulardan zaruriy o‘zgarishlarni talab qilish yo‘lida birlasholmasak, ushbu ssenariyning amalga oshishi, ya’ni mavjud botqoqlikdan chiqolmasligimiz ehtimoli yuqori.

  1. "Xitoysimon" davlat (China-lite) ssenariysi.

Hozirda ko‘p mamlakatlar boshidan kechirayotgan "Hobbs momenti"da ushbu ssenariyning ehtimoli asta-sekin ortib bormoqda. Angliyadagi Fuqarolar Urushi (1642-1651) davrida yoza turib, Tomas Hobbs har qanday insonlar jamiyati shaxslarni bir-biridan himoya qilib turish uchun qudratli davlatga (leviafan) muhtoj ekanligini aytgan edi. Hobbsning iddao qilishicha, jamiyat o‘z irodasini ushbu leviafanga taslim etibgina ravnaq topishi mumkin. Bu ssenariyga ko‘ra, G‘arbdagi demokratik mamlakatlar shaxsiy hayot va aholi ustidan nazorat kabi xavotirlaridan qisman voz kechish hamda xususiy kompaniyalar ustidan davlat nazoratini kuchaytirish bilan Xitoyga "taqlid" qiladilar. Davlat apparatining kengayib, jamiyat ustida quloch yozib borishga bo‘lgan mayli esa oxir-oqibat "fojeali eski hammom, eski tos" ssenariysi kabi ayanchli endshpilga (endgame) olib keladi.

  1. "Raqamli qullik" (digital serfdom) ssenariysi.

Ushbu ssenariyga ko‘ra, davlat va jamoat institutlari o‘z o‘rnini texnologik hukmronlikka boy beradi. Masalan, AQShda Apple va Google kabi texnologik gigantlarning kishilarni kasallikka tekshirish, "kontakt-treysing" (kasallik yuqtirgan shaxs bilan muloqotda bo‘lgan kishilarni aniqlash jarayoni) va boshqa pandemiyaga qarshi javob choralarini hukumatdan ko‘ra samaraliroq amalga oshirishi davlatning xalqdagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni shu kabi xususiy kompaniyalarga boy berishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu kompaniyalar allaqachon karantin va ijtimoiy masofalanish sharoitlarida iqtisodiy faoliyatni turli shakllarda davom ettirish uchun ijodiy innovatsiyalar taklif qilishni boshlab yubordilar. Biroq, bu kabi gigantlar taklif qiladigan texnologiyalar zaruriy mahsulotlarga aylanib borgani sari ushbu xususiy kompaniyalarning kuch-qudrati ham ortib boraveradi. Ayni paytda bu kompaniyalar shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ishda va foydalanuvchilarning xatti-harakatlarini manipulyasiya qilishda davom etadilar; davlat esa Silikon Vodiysiga xizmat qiluvchi "cho‘ri"ga aylanib boradi. Bu esa ushbu pandemiya iqtisodiyoti chempionlarining borgan sari kattalashib borishiga, natijada mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikning yanada kuchayishiga olib keladi. Bu ssenariy bo‘yicha uzoq muddatda jamiyatning boradigan yeri ilk ikki ssenariy kabi distopik manzildir.

  1. "Ijtimoiy farovonlik 3.0" (welfare state 3.0) ssenariysi.

Bu yagona optimistik ssenariy. Ijtimoiy farovonlikka asoslangan ilk davlatlar G‘arbda Buyuk Depressiya va Ikkinchi Jahon Urushi natijasida yuzaga keldi. Ijtimoiy himoya, ishsizlik nafaqasi, ommaviy tibbiy sug‘urta kabilar ijtimoiy farovonlik davlatiga xos xususiyatlardir. Bunday davlatning ikkinchi versiyasi 1980 yillarda, AQShda Ronald Reganning va Buyuk Britaniyada Margaret Tetcherning hukumatga kelishi hamda Sovet Ittifoqining inqirozga uchrashi bilan vujudga keldi. Ko‘pgina G‘arb mamlakatlarida, xususan, AQSh va Britaniyada ijtimoiy farovonlik 2.0 avvalgi ijtimoiy himoya elementlarining zaiflashuvi hamda kasaba uyushmalarining samarasizlashtirilishi bilan belgilanadi. Ajemo‘g‘lu nazarda tutayotgan ijtimoiy farovonlik 3.0 esa kuchli va yaxshi muvofiqlashtirilgan ijtimoiy xavfsizlik tarmog‘i (social safety net), hozirgidan ko‘ra samaraliroq ishlaydigan hukumat va ancha takomillashtirilgan ommaviy sog‘liqni saqlash tizimi kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu ssenariyning "Xitoysimon" davlat ssenariysidan farqi shundaki, bunda davlatning kuchlanishi demokratik institutlarning hamda davlat faoliyatini nazorat qilish va undan hisobdorlikni talab qilish uchun yetarli siyosiy ishtirok mexanizmlarining kuchlanishi bilan parallel ravishda ro‘y beradi.

Ajemo‘g‘luning fikricha, ilk uch ssenariy uchun yetarli ehtimol mavjud va "ijtimoiy farovonlik 3.0" shunchaki orzu kabi ko‘rinishi mumkin. Biroq aytish joizki, shunga o‘xshash holat avval ham ro‘y bergan (ijtimoiy farovonlik 1.0). Robinson bilan birgalikda yozgan "Tor Yo‘lak" (The Narrow Corridor: States, Societies, and the Fate of Liberty) kitobida muallif yuqoridagi to‘rtinchi yo‘lning bir vaqtning o‘zida haqiqiy davlat salohiyati (state capacity), demokratiya va erkinlikka erishishning yagona yo‘li ekanligini ko‘rsatib bergan. Albatta, yangi shakldagi va avvalgilaridan samaraliroq ijtimoiy farovonlikka erishishning osonlik bilan yoki o‘z-o‘zidan, tabiiy ravishda yuz berishini kutish o‘ta soddalikdir. Demokratiya va hisobdorlikni kuchaytirish bilan bir qatorda davlat mas’uliyatini kengaytirish, eng asosiysi, bunda to‘g‘ri muvozanatni topa olish hozirgidek pandemiya sharoiti u yoqda tursin, eng yaxshi vaqtlarda ham oson ish emas. Biroq, Ikkinchi Jahon Urushi nasli singari, bizning sinab ko‘rishdan boshqa choramiz yo‘q, deydi Ajemo‘g‘lu.

Xo‘sh, mamlakatimiz uchun ushbu to‘rt trayektoriyadan qay birining ehtimoli yuqoriroq? Ko‘rinib turibdiki, uchinchi trayektoriya hozirda O‘zbekiston uchun eng ehtimoli oz bo‘lgan ssenariy: davlatning o‘z hokimiyatini raqamli gigantlarning texnologik hukmronligiga boy berishi haqidagi fikrlar balki kelajakda nevaralarimizni xavotirga solishi mumkin, lekin bizda bunga hozircha hech qanday asos yo‘q. Davlatning va unga yaqin shaxslarning iqtisodiyotga va jamiyat hayotiga aralashuvi shundoq ham haddan tashqari yuqori ekanligini hisobga olsak, ikkinchi (Xitoysimon) ssenariydan ham, menimcha, unchalik xavotir olmasak bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, shu holatda ekanimizning o‘zi xavotir uchun yetib ortadi. Aytish joizki, iqtisodimizning kushandasi bo‘lgan monopolistlarimiz ham aynan davlatning iqtisodiyotga noo‘rin - halol raqobatni emas, ma’lum guruhlarning xalqni osonroq talay olishini ta’minlash uchun - aralashuvi natijasida oyoqda turishibdi. Demak, bizda tanlov asosan birinchi va to‘rtinchi trayektoriya orasida bo‘lishi kerak: hammasi "eski hammom, eski tos" ko‘rinishida qoladimi yoki ijtimoiy (va o‘z-o‘zidan, iqtisodiy) farovonlik tomon sakrash uchun yetarli siyosiy iroda va ommaviy jur’at topa olamizmi?

Behzod Alimov PhD, Turin Universiteti

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar