2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bog‘lar barpo etiladi

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bog‘lar barpo etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda qishloq va suv xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan boshlab, qayta ishlash va eksportdan qo‘shimcha daromad olishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar aynan qishloq xo‘jaligi rivoji bilan bog‘liq. Shuning uchun davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilib, bozor mexanizmlarini joriy etish, rezerv va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil qilishga kirishildi. Prezidentning 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan qabul qilingan Qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasida bu boradagi eng dolzarb va istiqbolli vazifalar belgilab berildi.

Sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan Jahon banki bilan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston tarixida birinchi marta ilm va innovatsiyani rivojlantirib, tarmoqda boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Bugungi yig‘ilishda aynan shu masalalarga birinchi navbatda e’tibor qaratildi. Agrar soha rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni o‘z ichiga olgan xizmatlar tizimi”ni yurtimizda ham joriy etib, ilm bilan ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu yo‘nalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investitsiyasi va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga xalqaro ekspertlar bilan birga ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ularni tubdan takomillashtirish bo‘yicha har bir institut uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Bu muassasalarga zamonaviy bilimga ega, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qiladigan salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligi aytildi.

– Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangan holda, eskicha ishlash uslubidan to‘liq voz kechib, fermerlarga yaxshi xizmat ko‘rsatish va yangi servis turlarini kengaytirishga o‘tishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlar faoliyati transformatsiya qilinishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Raqamli texnologiyalardan foydalanilayotgan loyihalar samaradorligi qayd etilib, bu boradagi ishlarning borishi muhokama qilindi.

Meva-sabzavotchilik kooperativ va klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 212 million dollar ajratilishi belgilangan.

Prezident ichki bozorni arzon mahsulotlar bilan ta’minlash, “daladan iste’molchigacha” tizimini joriy etishda meva-sabzavotchilik klasterlari asosiy drayver bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bois, ajratilayotgan mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirib, bir so‘mni ikki so‘m qiladigan loyihalarni ishlab chiqish, buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va eksportga tayyorlash quvvatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi aytildi.

Tumanlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu borada Jizzax viloyati namuna bo‘lib, kelgusi uch yilda viloyatda qariyb 120 ming gektarga yaqin yer o‘zlashtirilishi, bog‘ va tokzorlar tashkil qilinib, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.

Bu tajribani bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilish, har bir tumanda ko‘pi bilan 3-4 ta eksportbop va yuqori daromad beruvchi mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bog‘lar barpo etib, yangi tartib asosida aholiga 1-1,5 gektardan tarqatgan holda, 2-2,5 ming oilaning bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar