Sherzod Shermatov: “Online-maktab” kanallarimizda test topshirishga tayyorgarlik va onlayn-repetitorlik saboqlarini boshlaymiz

Sherzod Shermatov: “Online-maktab” kanallarimizda test topshirishga tayyorgarlik va onlayn-repetitorlik saboqlarini boshlaymiz

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bu yilgi maktab bitiruvchilariga murojaat bilan chiqdi:

"Hurmatli maktab bitiruvchilari!

Siz hayotingizda eng muhim qadamlarni boshlash arafasidasiz. Shu vaqtgacha qadrdon maktabdagi ustozlaringiz va do‘stlaringiz bilan o‘tkazgan kundalik turmush tarzingiz o‘rniga yangi hayot, ajoyib taassurotlar va tajribalar olamiga safaringiz boshlanmoqda.

Hozirda ko‘pchiligingiz asosiy vaqtingizni oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlikka qaratmoqdasiz. Sizlar uchun yaqinda “Online-maktab” kanallarimizda Davlat Test Markazi bilan hamkorlikda test topshirishga tayyorgarlik va o‘ziga xos onlayn-repetitorlik saboqlarini boshlaymiz.

Orangizda ishga kirib yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlab, ro‘zg‘orga o‘z hissasini qo‘shish harakatida yurganlar ham talaygina. Ular qo‘shimcha kasb o‘rganish uchun kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga o‘qishga ham borishi mumkin.

Yoshlarimizga qo‘shimcha yordam sifatida yozda “Online-maktab” kanallarida ingliz tilini o‘rganish uchun qiziqarli filmlar va ko‘rsatuvlarni hamda onlayn platformalar orqali daromad topishni o‘rgatishga qaratilgan videodarslarni efirga berib borish ustida ishlayapmiz.

Inson muvaffaqiyatining ko‘pi bilan 10 foizi omadga va tashqi omillarga, qolgan 90 foizi esa aynan o‘ziga bog‘liq ekanligi uchun yuqori maqsadlar qo‘yib, o‘z kuchingizga ishonib tinmay harakat qilishingiz zarur!

Eng asosiysi, vaqtingizni behuda o‘tkazmang! Vaqt — hayotingizdagi eng qimmatbaho resurs hisoblanadi. Vaqtingizni doim o‘zingiz, oilangiz va jamiyatga foyda keltirish uchun sarf qiling hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shing!", – deya so‘zi yakunlagan Sherzod Shermatov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar