Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi

Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi

8 iyul kuni Prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning eksport-import hamda boshqa valyuta operatsiyalari bo‘yicha xorijiy valyutadagi mablag‘lari harakati ustidan nazorat qiluvchi organlar qatoriga Hisob palatasi ham kiritildi. O‘z navbatida, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ushbu organlar qatoridan chiqarildi.

Shuningdek, xorijiy olim, o‘qituvchi va mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash ularning xohishiga ko‘ra milliy valyutada yoki xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valyutasida amalga oshiriladi.

Ilgari ularning mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasida belgilangan miqdorda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi PF–5177-son Farmoniga jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklari orqali erkin sotishi va sotib olishi hamda sotib olingan mablag‘larni hech qanday cheklovlarsiz tasarruf etishi mumkinligi haqidagi norma kiritildi.

Ilgari O‘zbekistonning rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklarining konversion bo‘limlarida sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazishi orqali sotib olishi va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi mumkin edi.

Farmon bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, qator vazirlik va idoralarga malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy valyutada yoki xorijiy hisobvaraqlariga o‘tkazgan holda chet el valyutasida amalga oshirish huquqi berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar