Hokimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malakasi oshiriladi

Hokimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malakasi oshiriladi

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Videoselektor yig‘ilishida navbatdagi muhim masala – korrupsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilindi.

Jumladan, 143 ta davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni va xizmat ko‘rsatish vaqti 2 hissa qisqardi. Byudjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlarni oldi-sotdi qilish jarayonlariga oshkoralik va ochiqlik tamoyillari joriy etildi.

Ma’lumki, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmonni qabul qildi.

Agentlik tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.

Birinchidan, barcha viloyat, tuman (shahar) hokimlari o‘z hududlarida, tarmoq rahbarlari o‘z tizimlarida Agentlik bilan birga bir oy muddatda Korrupsiyadan holi dasturini ishlab chiqadi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa bo‘ladi.

Ikkinchidan, korrupsiyaning oldini olishda ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.

Shuningdek, Agentlik keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga aholi va tadbirkorlarning korrupsiyaga munosabatini o‘rganib borishi va davlat idoralari faoliyatini baholab borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini o‘rganish bo‘yicha alohida o‘quv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi. Shuningdek, rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar